Ijtimoiy tarmoq orqali (https://www.facebook.com/groups/742946235870017/posts/2551516415012981/) qoldirilgan postda umumiy ovqatlanish korxonasi tomonidan iste’molchiga yetkazib berish borasida ko‘rsatilgan xizmatdan noroziligini bildirib “Bugun
11:54 da osh dostavka qildirdim, 13:43 hali ham buyurtma kelmadi, pulini to‘lab qo‘yganman Payme orqali, orada 4 marotaba telefon qildim foydasi bo‘lmadi” mazmunida murojaatini qoldirgan.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mazkur holat yuzasidan olib borilgan o‘rganishlar haqida quyidagilarni ma’lum qiladi.
O‘rganishlar jarayonida murojaatda keltirilgan holat o‘z tasdig‘ini topdi. “Davlat Food Group” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli Toshkent shahar Olmazor tumanida joylashgan “Samarqand osh markazi” tomonidan iste’molchi buyurtmasi o‘z vaqtida yetkazib berilmagan. Iste’molchining qo‘ng‘iroqlari orqali so‘roviga MChJ tomonidan xodimning buyurtmalar bo‘yicha tajribasizligi, tushlik vaqtida shahar bo‘ylab tirbandliklar yuzaga kelgani sabab qilib ko‘rsatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 4-moddasiga ko‘ra, iste’molchi ish, xizmatlarni erkin tanlash va uning tegishli darajada sifatli bo‘lishiga talab qo‘yishga haqlidir.
Shu bilan birgа, mazkur Qonunning 19-moddasida Ishni bajarish, xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma shartlari buzilgan taqdirda iste’molchining huquqlari ham ko‘rsatib berilgan. Ya’ni ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shart.
Natijada “Davlat Food Group” MChJ tomonidan kamchiliklar bartaraf etildi. Xaridorlarga buyurtmalarni o‘z vaqtida yetkazish yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilab, doimiy nazorat o‘rnatildi. O‘z ishiga mas’uliyatsizlik bilan yondoshgan xodimga nisbatan ogohlantirish berildi.