Ijtimoiy tarmoqdagi https://t.me/militsiya_tv kanalida “Mashhur Instabloger Chechenka sotib olgan Chery mashinasi uch oyda yaroqsiz bo‘lib qolganidan arz qilmoqda” mavzusida video murojaati tarqalgan. Ushbu holat yuzasidan olib borilgan o‘rganishlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi quyidagilarni ma’lum qiladi.
Mazkur masala “ROODELL SERVICE” MChJ servis markazida fuqaro (ijtimoiy tarmoqda fuqaro R.R.Teshaboyev haqida so‘z borgan) R.R.Teshaboyevning boshqaruvidagi avtomashinasida qidiruv va diagnostika ishlari olib borilganda, “ADM JIZZAKH” MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan CHERY TIGGO 7 PRO avtomashinasining dvigatel qismida kamchiliklar aniqlangan. Diagnostika natijalariga ko‘ra, nosozlik sababi sifatsiz benzin, ya’ni yoqilg‘i sababli yuzaga kelganligi aniqlangan.
Bundan tashqari, mijoz 2 (ikki) marotaba muntazam texnik ko‘rikni (xizmat ko‘rsatishni) o‘tkazib yuborgan. Shu bilan bir qatorda mijozga “ROODELL SERVICE” MChJga tegishli bo‘lmagan servislarda xizmat ko‘rsatilgan. Ikkinchidan, bugungi kunda mijoz avtomobilining ta’mirlashga kafolat muddati tugagan. Servis tomonidan iste’molchiga mustaqil laboratoriya ekspertizasidan o‘tish taklif qilingan, ammo fuqaro tomonidan ushbu taklif rad etilgan.
Shuningdek, videorolik orqali avtosalon tomonidan 1000 dollar pulini qaytarib berilishi aytib o‘tilgan. Ushbu holat noto‘g‘ri talqin qilingan, ya’ni QQS stavkasi o‘zgarishi munosabati bilan yuzaga keladigan farq 8 630 000 so‘m pul ekvivalentida mijozning roziligi bilan xizmat ko‘rsatish markazida xizmatlar va/yoki tovarlarni xarid qilish uchun sertifikat taqdim etilgan.