“Adolat ko‘zgusi” gazetasining 35-sonida “Erudit” yutuqni bermayapti…” sarlavhasi ostida Samarqand viloyati Oqtosh shahrida yashovchi R.H.ning murojaati berilgan.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mazkur maqola yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi:
Qo‘mitaning Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi masalaga aniqlik kiritish maqsadida murojaatni o‘rganib chiqdi. Unda “Erudit” MChJ ijodiy markazining “Erudit” gazetasi pullik yutuqlar o‘yinini tashkil etgani va bu o‘yinlarda ishtirok etgan murojaatchining to‘rt yil davomidagi 285 000 ming so‘m pul yutuqlari to‘lab berilmagani ma’lum bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasiga asosan, rag‘batlantiruvchi aksiyalarni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha quyidagi talablar belgilangan:
Qimmatbaho sovrinlar tarqatiladigan va (yoki) o‘ynaladigan rag‘batlantiruvchi aksiyalarni yoxud ushbu aksiyalarda ishtirok etish uchun reklamadan foydalanuvchi tomonidan biror-bir harakatlar amalga oshirilishini nazarda tutadigan rag‘batlantiruvchi aksiyalarni o‘tkazish chog‘ida reklama beruvchi rag‘batlantiruvchi aksiyani o‘tkazish boshlanguniga qadar ommaviy axborot vositalarida va (yoki) erkin foydalaniladigan Internet jahon axborot tarmog‘idagi axborot resurslarida aksiyada ishtirok etish shartlarini e’lon qilishi shart;
Rag‘batlantiruvchi aksiyalarni o‘tkazish shartlarining e’loni quyidagilarni o‘z ichiga olishi kerak:
- rag‘batlantiruvchi aksiyani o‘tkazish qoidalarini, uni o‘tkazish muddatlari, sovrinlar va yutuqlarning nomi, miqdori, ularni olish joyi hamda tartibi ko‘rsatilgan holda, shuningdek rag‘batlantiruvchi aksiyani o‘tkazish shartlariga taalluqli boshqa har qanday axborotni;
- reklama beruvchining nomini, manzilini, aloqa bog‘lashga doir ma’lumotlarini (telefon raqami, elektron pochta manzili va boshqa ma’lumotlarni);
- rag‘batlantiruvchi aksiya tashkilotchisining yuridik nomini, joylashgan yerini (pochta manzilini), aloqa bog‘lashga doir ma’lumotlarini (telefon raqami, elektron pochta manzili va boshqa ma’lumotlarni).
Ishtirok etish shartlari Internet jahon axborot tarmog‘idagi axborot resurslarida e’lon qilingan taqdirda, e’lon rag‘batlantiruvchi aksiya tugaganidan keyin kamida olti oy davomida erkin foydalanish uchun ochiq bo‘lishi kerak;
Rag‘batlantiruvchi aksiyalar tovarlarni bepul tarqatish va raqobatdosh tovarlarga (bundan ushbu Qonunda reklama qilinishi taqiqlangan tovarlar mustasno) ayirboshlash yoki xizmatlar ko‘rsatish bilan birga amalga oshirilishi mumkin;
Rag‘batlantiruvchi aksiyalar doirasida qimmatbaho sovrinlar o‘ynalishi quyidagi hollarda lotereya hisoblanmaydi, basharti:
- mukofot fondi, shuningdek rag‘batlantiruvchi aksiya o‘tkazilishini tashkil etish xarajatlari rag‘batlantiruvchi aksiya ishtirokchilarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul badallari hisobiga yoki chiptalar sotish va reklama beruvchining reklama qilinayotgan tovari bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa nominal birliklar hisobidan shakllantirilmagan bo‘lsa;
- rag‘batlantiruvchi aksiyada ishtirok etish faqat reklama xususiyatiga va reklama beruvchining reklama qilinayotgan tovari sotilishini ko‘paytirish maqsadiga ega bo‘lsa.
Rag‘batlantiruvchi aksiyalar o‘tkazilishi to‘g‘risidagi axborotda yutuqni olish ehtimolini oshirib ko‘rsatuvchi iboralar bo‘lmasligi kerak;
Tegishli mukofot fondi mavjud bo‘lmagan holda rag‘batlantiruvchi aksiyalarni tashkil etish va o‘tkazish taqiqlanadi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, jismoniy shaxslardan olinadigan 12 foiz daromad solig‘i ushlangan holda 2019, 2020, 2021 va 2022-yillardagi pul yutug‘i – 250 800 so‘m pul mablag‘i “Erudit” MChJ tomonidan fuqaroning bankda ochilgan plastik kartasiga o‘tkazib berildi.