“Bukhara news” ijtimoiy tarmog‘ida tarqalgan Buxoro shahrida joylashgan “Mega Market” savdo do‘koni tomonidan sotilgan “Lyubimiy” 1 litrlik sok mahsulotni yaroqlilik muddati tugagan bo‘lsa-da, sotilmoqda” mavzuida post qoldirilgan. O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mazkur murojaat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
Qo‘mita tomonidan olib borilgan o‘rganishlarda iste’molchi mazkur do‘kondan sharbat mahsulotini xarid qilgan, uning yaroqlilik muddati 16.06.2023-yilda tugaganiga qaramay sotilgani ma’lum bo‘ldi. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, yaroqlilik muddati o‘tgan har qanday tovar inson sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining:
6-moddasida, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste’molchiga o‘zi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shartligi;
27-moddasida, ishlab chiqaruvchining (ijrochining, sotuvchining) mansabdor shaxslari, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlar ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilishi shart ekanligi qonunchilikda belgilangan tovarlarni ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan holda realizatsiya qilish va sotish uchun qabul qilganlik, yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni realizatsiya qilish va sotish uchun qabul qilganlik, iste’molchilarning huquqlari buzilishlarini bartaraf etish to‘g‘risidagi ko‘rsatmalarni bajarishdan bo‘yin tovlaganlik, o‘z vaqtida yoki lozim darajada bajarmaganlik, shuningdek iste’molchilarga tovarlar (ishlar, xizmatlar) to‘g‘risida axborot taqdim etmaganlik yoki bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etganlik, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) majburiy sertifikatlashtirish qoidalarini buzganlik, normativ hujjatlar talablariga javob bermaydigan tovar (ish, xizmat) tufayli iste’molchilarga zarar yetkazganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilishi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining:
178-moddasi sakkizinchi qismiga muvofiq, yaroqlilik muddati oʻtgan tovarlarni, shuningdek ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati koʻrsatilishi shartligi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tovarlarni ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati koʻrsatilmagan holda realizatsiya qilish hamda sotish uchun qabul qilganlik uchun javobgarlik belgilangan;
271-moddasi o‘n birinchi qismiga muvofiq, ushbu Kodeksning 164-moddasi birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etgan tadbirkorlik subyektining mansabdor shaxslari yoki xodimlari yoxud tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar yo‘l qo‘yilgan buzilishlarni huquqbuzarlik aniqlangan paytdan e’tiboran o‘ttiz kunlik muddatda ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan va (yoki) yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplagan bo‘lsa boshlangan ish esa tugatilishi lozimligi bundan fuqarolarning hayoti va (yoki) sog‘lig‘iga zarar yetkazilgan hollar mustasno ekanligi belgilangan.
Kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan savdo shoxobchasi rahbariyati tomonidan xodimlar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borildi, peshtaxtalarda va muzlatkichlardagi har bir mahsulotning saqlanish me’yorlari, yaroqlilik muddatlari birma-bir nazoratdan o‘tkazildi. Yaroqlilik muddati o‘tgan sharbat uchun to‘langan pul iste’molchiga qaytarib berildi.