Ijtimoiy tarmoqda https:www.facebook.com/groups/Potrebitel.Uz/posts/7226961280664484
“UZUM MARKET” MChJdan yetkazib berilmagan tovar uchun olingan ortiqcha mablag‘ qaytarilmayapti” mavzuida qoldirilgan murojaat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi quyidagilarni ma’lum qiladi.
Qo‘mita tomonidan o‘rganishlar olib borilib, iste’molchi L.E. mazkur MChJning mobil ilovasiga 3 ta tovar uchun elektron to‘lovni amalga oshirgani, ammo bitta kosmetik vositaning yo‘qligi sababli unga to‘langan 60 000 so‘m oradan 9 kun o‘tishiga qaramay qaytarilmagani ma’lum bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 6-moddasiga muvofiq, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste’molchiga o‘zi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shartligi belgilab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi Qonunining
27-moddasiga asosan, agar shartnoma taraflarining kelishuvida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, xaridor tomonidan to‘langan pul summasini unga qaytarish tovar uchun haq to‘lash qanday shaklda amalga oshirilgan bo‘lsa, xuddi shunday shaklda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi
75-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalarining 1-ilovasi 28-bandiga muvofiq, xaridorning tovarni almashtirish yoxud qaytarish to‘g‘risidagi talabi, agar tovar iste’mol qilinmagan bo‘lsa, uning tovar ko‘rinishi, iste’mol xossalari, plombasi, yorliqlari saqlangan bo‘lsa, shuningdek ushbu sotuvchidan sotib olinganining isboti mavjud bo‘lsa qondirilishi kerak.
O‘rganishlar natijasida iste’molchi huquqlari himoya qilindi va “UZUM MARKET” MChJ tomonidan sotuvda bo‘lmagan tovar uchun oldindan olingan ortiqcha mablag‘ avtomatik tarzda fuqaroga qaytarib berildi.