ELT UZ telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali “Chilonzordagi uyimiz haliyam bitmadi. Dodimizni hech kim eshitmayotir. Biz fuqarolarga kimdir yordam beradimi?” mavzuida Qashqadaryo viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaroning murojaatida keltirilgan masala yuzasidan Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi quyidagilarni ma’lum qiladi.
Qo‘mita tomonidan olib borilgan o‘rganishlarda “AST LIDER” MChJ bosh pudratchi bo‘lib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy shahrida yuridik ro‘yxatdan o‘tgani, murojaatda keltirilgan uy haqiqatan ham o‘z vaqtida foydalanishga topshirilmaganligi ma’lum bo‘ldi.
Toshkent shahrining Al-Xorazmiy ko‘chasida mazkur ko‘p qavatli uy haqiqatan ham 2020-yilning fevral oyida qurila boshlagan, ammo ushbu davrda COVID-19 virusi tarqalib ketishining oldini olish maqsadida umumiy karantin e’lon qilingani sababli qurilish ishlari bir yilga yaqin muddatga to‘xtab qolgan.
Bundan tashqari, Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasining 2021-yil
2-noyabrdagi navbatdan tashqari bo‘lib o‘tgan yig‘ilishining 36-sonli bayonnomasiga muvofiq, ushbu uyning qurilishiga taalluqli barcha ruxsat beruvchi hujjatlarning bekor qilinganligi, uy qurilishining ikkinchi marotaba to‘xtab qolishiga sabab bo‘lgan.
2022-yilning 24-mart kuni Toshkent tumanlararo ma’muriy sudi binosida bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida “Ast Lider” MChJning arizasi ko‘rib chiqilgan, natijada qabul qilingan Hal qiluv qaroriga asosan Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasi yig‘ilishining 36-sonli bayonnomasi haqiqiy emas deb topilgan.
Hozirgi kunda “Ast Lider” MChJ tomonidan uy qurilishi ishlari olib borilmoqda va jamiyat joriy yilning 31-dekabrigacha uyni yakunlashini bildirgan. Shuningdek, fuqaro mazkur murojaatni o‘rganish natijasidan qanoatlanib, bu to‘g‘risida tilxat taqdim qilgan.