So‘nggi vaqtlarda ommaviy axborot vositalari, internet va ijtimoiy tarmoqlarda axloq va ma’naviyatning umume’tirof etilgan normalariga zid reklamalarni tarqatish holatlari ham ko‘p uchramoqda.
Darhaqiqat, reklama bevosita inson ongiga ta’sir etish qudratiga ega ekan, u nafaqat tijoriy, shu bilan birgalikda bir qancha ijtimoiy, ma’naviy, tarbiyaviy talablarga ham mos bo‘lishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining 16-moddasiga muvofiq, reklamada – jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeiga qarab, boshqa holatlarga ko‘ra kamsitish yoki o‘zga shaxslarning tovarlarini badnom qilish;
milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid bo‘lgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanish taqiqlanadi.
Qo‘mita o‘z vakolatlari doirasida ommaviy axborot vositalarida joylashtirilgan reklamani amaldagi reklama to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablariga mosligi yuzasidan o‘rganish va tahlillar o‘tkazib kelmoqda.
Xususan, olib borilgan o‘rganishlarda 632 ta holatda davlat va jamoat manfaatlariga, axloq va ma’naviyatning umume’tirof etilgan normalariga mos kelmaydigan reklamalar joylashtirilganligi aniqlangan va ularni bartaraf etish choralari ko‘rilgan.
O‘z navbatida, reklamalarning tegishli qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiqligini nazorat qilishda jamoatchilik nazorati mexanizmlarini keng qo‘llash maqsadida Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi bilan respublika hududlaridagi tashqi reklama va axborot obyektlarida (konstruksiyalarida) joylashtirilgan reklamalarning milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid bo‘lgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi yuzasidan yaqin hamkorlik hamda mutaxassis xulosasini olish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Shu asosida, reklamalarning milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek axloqiy qoidalarga mos kelishi yuzasidan Ma’naviyat va ma’rifat markazidan 100 ga yaqin holatlar bo‘yicha ekspert xulosasi olingan.
Ma’lumot uchun: Respublikamiz hududlaridagi tashqi reklama va axborot vositalari orqali “Elmakon” maishiy texnika savdo do‘konining “Ikkinchi xotin”ga g‘amxo‘rlik qiling” mazmunidagi reklamalari joylashtirilgan bo‘lib, unda milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid bo‘lgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanilgan va keng jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘lgan.
Mazkur holat Qo‘mita tomonidan nazoratga olinib, tezkor bartaraf qilinishi ta’minlangan.
Joriy yilning iyun oyida telegram messendjerida (“Tashkent Index” savdo majmuasining rasmiy kanalida) joylashtirilgan taniqli aktyorlar ishtirokida sahnalashtirilgan reklama roligi o‘rganilib, mazkur reklama roligi yuzasidan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazidan tegishli xulosa olingan.
Taqdim etilgan xulosaga ko‘ra, reklama roligining mazmuni va unda tasvirlangan holatlar axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid ekanligi qayd etilgan.
Shuningdek, rolik barcha axborot kanallaridan o‘chirib tashlangan.
Ushbu holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuni 16-moddasi birinchi qismi va uchinchi qismi o‘n beshinchi xatboshi hamda 40-moddasi uchinchi qismi talablari buzilganligi yuzasidan “Index Management Service” MChJga nisbatan №26/35-sonli ish qo‘zg‘atilgan.
Bundan tashqari, keng jamoatchilik uchun tovarlar (ish, xizmatlar) to‘g‘risida ma’lumotlarni tayyorlash va tarqatishda, amaldagi qonunchilik hujjatlari talablariga qat’iy rioya qilish, shu jumlada milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid keluvchi shakl, ibora va obrazlardan foydalanmaslik, reklamadan foydalanuvchilarga zarar yetkazmaydigan shakllar va vositalardan foydalangan holda faoliyat yuritish yuzasidan Qo‘mita tomonidan ommaviy axborot vositalariga ogohlantirish yuborilganligini ma’lum qilamiz.
Qo‘mita reklama beruvchi va tarqatuvchilar tomonidan reklamani joylashtirishda amaldagi reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilishni, shu jumladan milliy va oilaviy an’analarga, axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid keluvchi shakl, ibora va obrazlardan foydalanmaslikni, reklamadan foydalanuvchilarga zarar yetkazmaydigan shakllar va vositalardan foydalangan holda faoliyat yuritishni so‘rab qoladi.