O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda “Janr qoidasiga qo‘ra keyingi tenderni ACWA Power yutsa kerak” deb nomlangan maqola yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida quvvati 300 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish uchun davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosidagi loyihasining konsepsiyasi O‘zbekiston Respublikasining “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan.
Davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida elektr stansiyalarini qurishda xususiy sheriklarni (investorlarni) tanlash bo‘yicha hukumat tomonidan tasdiqlangan Idoralararo tender komissiyasi tarkibida Raqobat qo‘mitasi vakillari ham ishtirok etishgan.
Tender jarayonida g‘oliblarni aniqlash loyihani amalga oshirish guruhi mutaxassislari, xalqaro ekspertlar guruhi hamda Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) texnik ko‘magida amalga oshirilgan.
Tenderda ishtirok etish uchun 12 ta xalqaro yetkazib beruvchilar tomonidan hujjat topshirilgan. Yetkazib beruvchilar taklif etgan quyosh fotoelektr stansiyalari texnik xususiyatlari tenderning texnik topshirig‘i talablariga mos kelishi yuzasidan xalqaro ekspertlardan iborat maxsus ishchi guruhning hulosasiga ko‘ra 2 ta tashkilotning taklifi tenderning keyingi bosqichiga (taklifni narx qismini ochish) o‘tkazilgan.
Takliflarni narx qismini ochish va g‘olibni aniqlash bo‘yicha tenderning navbatdagi bosqichi 2023-yil 24-may kuni idoralararo tender komissiyasi bilan birgalikda Energetika vazirligi, xalqaro ekspertlar, OTB va boshqa mutasaddilar bilan birgalikda ZOOM video konferensiyasi yordamida ochiq va oshkora o‘tkazilgan bo‘lib, tender yakuniy natijasiga asosan Abu Dhabi Future Energy Company PJSC – Masdar (BAA) kompaniyasi tender g‘olibi etib belgilangan.
Yuqoridagilarga asosan, Energetika vazirligi tomonidan “Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida quvvati 300 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish” loyihasini amalga oshirishda raqobatga zid harakatlar alomatlari aniqlanmagan.