O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan https://t.me/Samarqand_live telegram kanalida xonanda Sevinch Mo‘minovaning konsert dasturi yuzasidan bildirilgan e’tirozlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
Mazkur axborotda, joriy yilning 25 may kuni Samarqand viloyatining Urgut tumanida joylashgan markaziy istirohat bog‘ida xonanda Sevinch Mo‘minovaning konsert dasturi rejalashtirilganligi, biroq mazkur konsert dasturida xonandaning ishtirok etmaganligi ma’lum bo‘lgan va bu borada ijtimoiy tarmoqlarda salbiy fikrlar bildirilgan.
O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasiga asosan, sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.
Bugungi kunda, Qo‘mita hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda konsert tashkilotchilari tomonidan iste’molchilarga ko‘rsatilmagan xizmat uchun olingan mablag‘larni qaytarish yuzasidan zarur choralar ko‘rilayotganligi ma’lum qilinadi.
O‘z navbatida, mazkur holat Qo‘mita va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda ko‘rib chiqilmoqda, ijrosi nazoratga olingan.