O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida joriy yilning 11-may kuni o‘tkazilgan hududlarda energiya ta’minoti va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish holatiga bag‘ishlangan yig‘ilishda:
mamlakatimizga benzin va dizel yoqilg‘isini olib kelishga barcha cheklovlar olib tashlanganligi;
mutasaddilar oldiga hozirdan benzin va dizel zaxirasini shakllantirish vazifasi qo‘yilganligi;
yoqilg‘i olib keluvchi tadbirkorlarga aylanma mablag‘ uchun kreditlar ajratilishi belgilanganligi;
yaratilgan sharoitlar tufayli mamlakatimizga shu yilning o‘zida 5 mingta elektromobillar olib kelingani ta’kidlandi. Endi ular uchun hududlarda yetarli infratuzilma yaratish lozimligi;
bu borada kelgusi uch yilda 3,5 mingta quvvatlash qurilmalarini o‘rnatish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinib, imtiyozlar berilganligi;
viloyat hokimlariga joriy yilning o‘zida 900 ta quvvatlash qurilmalari o‘rnatilishini ta’minlash topshirilganligi;
umuman, tarmoq mutasaddilari oldiga energetika sohasida ish sifatini ta’minlash, tartib va intizomni kuchaytirish vazifasi qo‘yilganligi ta’kidlab o‘tildi.
Avtobenzin mahsuloti importi tahlili:
AI-80 markasi bo‘yicha – 2022-yilda, 3 ta korxona tomonidan 2 374 tonna mahsulot import qilingan bo‘lsa, 2023-yil 1-may holatiga, 18 ta korxona tomonidan 131 629 tonna yoki 55 barobar ko‘p mahsulot import qilingan (bunda asosan yil boshida qishning anomal sovuq kelishi oqibatida, gaz quyish shoxobchalari faoliyati vaqtincha to‘xtatilgani ortidan benzinga talab keskin oshishi sabab bo‘lgan).
AI-92 markasi bo‘yicha – 2022-yilda, 69 ta korxona tomonidan jami 81 075 tonna mahsulot import qilingan bo‘lsa, 2023-yil 1-may holatiga, 58 ta korxona tomonidan 92 825 tonna mahsulot import qilingan.
AI-95 markasi bo‘yicha – 2022-yilda, 31 ta korxona tomonidan jami 35 477 tonna mahsulot import qilingan bo‘lsa, 2023-yil 1-may holatiga, 18 ta korxona tomonidan 19 198 tonna mahsulot import qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-dekabrdagi PQ-440-sonli qaroriga muvofiq, 2022-yil 10-dekabrdan 2023-yil 31-dekabrga qadar import qilinadigan, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan va tadbirkorlik subyektlari tomonidan yakuniy iste’molchilarga sotiladigan AI-80 rusumli avtobenzin mahsuloti uchun, istisno tariqasida, aksiz solig‘ini “nol” stavkada qo‘llanilishi belgilangan.
Qo‘mita tomonidan berilgan ko‘rsatmalar asosida joriy yil 1-maydan boshlab, AI-80 avtobenzin mahsulotini birja savdolarida sotib olish hajmlari uchun o‘rnatilgan maksimal miqdorga qo‘yilgan cheklovlar (limit) bir tonnalik lotlar uchun 5 tonnadan – 10 tonnaga oshirilib, boshlang‘ich narxga nisbatan 5 foizgacha bo‘lgan o‘sish chegarasi bekor qilindi.
2023-yilning 15-19-may kunlari birjaga 31,3 ming tonna AI-80 avtobenzini
6,1 mln so‘mdan qo‘yilib, 14,8 ming tonnasi o‘rtacha 6,4 mln so‘mdan (bir litri uchun
4 816 so‘m) sotildi.
Shuningdek, mazkur haftada AI-80 avtobenzinni kunlik o‘rtacha qo‘yish hajmi
12 foizga (6,1 ming tonnadan → 6,9 ming tonnaga) ko‘payishi natijasida, mahsulot narxi barqarorlashib, avvalgi haftaga nisbatan o‘rtacha sotilish narxi 2 foizga (6 500 ming so‘mdan → 6 400 ming so‘mga) arzonlashdi.
Yuqoridagilarga asosan benzin importini amalga oshirish hamda uni moliyalashtirish bo‘yicha ushbu bozorda raqobat ta’minlanganligini kuzatish mumkin.