Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan 2023-yilning 1-yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar va yangi tahrirda qabul qilingan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati.
2023-yil 2-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar Agentligida O‘zbekiston Respublikasi “Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan 2023-yilning 1-yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar va yangi tahrirda qabul qilingan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati” mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi.
- Normativ-huquqiy bazani takomillashtirish sohasida amalga oshirilgan ishlar
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan 2023 yilning yanvar-iyun oylari davomida 10 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalari ishlab chiqilgan. Shundan, 2 ta Prezident qarori loyihasi, 2 ta Vazirlar Mahkamasi qarori, 5 ta Qo‘mita qaror loyihasi hamda 1 ta qo‘shma-qaror loyihasi tayyorlangan.
- Qonun hujjatlari va davlat organlari qarorlarining raqobat muhitiga ta’sirini baholash
Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan project.gov.uz portali orqali Qo‘mita va uning hududiy organlariga kelib tushgan 1242 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining (ex-ante) raqobat muhitiga ta’siri yuzasidan xulosalar tayyorlandi, shundan 104 ta (8,4 %) qonunchilik talablariga zid normalar mavjudligi aniqlangan.
Shuningdek, Qo‘mita Markaziy apparatiga kelib tushgan 171 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalariga xulosalar tayyorlandi, shundan 96 ta (56,7 %) qonunchilik talablariga zid normalar ekanligi aniqlandi.
Respublika bo‘yicha mahalliy davlat hokimiyati organlari va davlat boshqaruv organlarining qabul qilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlari raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik normalariga muvofiqligi yuzasidan xatlovdan o‘tkazilganda 291 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi va bu holat bo‘yicha tegishli ishlar qo‘zg‘atilgan va ishlar yakuni yuzasidan qaror va ko‘rsatmalar yuborilib, 76 ta hujjatlar bekor qilingan.
III. Davlat xaridlarida raqobatni ta’minlash
Qo‘mita tomonidan joriy yilning 1-yarim yilligida davlat buyurtmachilari tomonidan o‘tkazilgan 18 131 ta tanlov (tender) savdolarida tahlil ishlari olib borildi. Tahlil natijasida buyurtmachilar tomonidan 6 838 ta savdolar jarayonida 10 632 ta raqobatga zid harakatlar aniqlangan.
Xususan:
Davlat buyurtmachilari tomonidan joriy yilning iyul oyiga qadar davlat xaridlari elektron tizimlari (xarid.uzex.uz, xt-xarid.uz, tender.mc.uz) orqali amalga oshirilgan savdolarning 10 433 tasi qo‘mita tomonidan tahlil qilindi. O‘rganilgan tanlov (tender) savdolarini tahlili natijasida buyurtmachilar tomonidan 1 340 ta savdolar jarayonida 1 375 ta raqobatga zid holatlar aniqlangan.
Mazkur qonunbuzilishlar savdolar o‘tkazishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibini buzish ya’ni baholash mezonlarini belgilamaslik, affillangalik to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor etmaslik, noto‘g‘ri baholash, murojaatchilarga tushuntirish bermaslik, savdo natijalarini oshkor etmaslik, shartnoma tuzishni rad etish, affillanganlikni aniqlamaslik, manfaatlar to‘qnashuvini oldini olmaslik, shuningdek, til biriktirish orqali kelishib olingan, muvofiqlashtirilgan harakatlar (ishtirokchilarni asossiz ravishda chetlashtirish, ayrim ishtirokchilarga imtiyozli shart-sharoitlar yaratib berish, haddan ziyod yuqori texnik talablar belgilash, yetkazib berish muddatlarini qisqa belgilash, lotlar tarkibiga savdolarning predmetiga texnologik va funksional jihatdan bog‘liq bo‘lmagan qo‘shimcha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) kiritish) alomatlari aniqlandi.
Aniqlangan holatlar yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlariga va Hisob palatasiga ma’lumotnomalar taqdim etilgan, 95 ta holat buyurtmachilar tomonidan ixtiyoriy bartaraf etilgan, 766 ta holat yuzasidan hududiy boshqarmalar tomonidan 267 ta ish qo‘zg‘atilib, 212 ta mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilgan.
- Insofsiz raqobat amaliyotlariga, til biriktirishlar va kartel kelishuvlarga qarshi kurashish
Qo‘mita markaziy apparati va hududiy boshqarmalar tomonidan o‘tgan hisobot davrida insofsiz raqobat holatlari bo‘yicha kelib tushgan jami 113 ta murojaatlar O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 13-moddasiga asosan ko‘rib chiqilgan.
57 ta murojaat ularni belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun asoslar yetishmasligi sababli ariza egalariga qonunchilik talablari to‘g‘risida tushuntirishlar berilgan, 51 ta murojaat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 12-oktabrdagi 225-son qarori bilan tasdiqlangan Raqobat, tabiiy monopoliyalar, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ish qo‘zg‘atish va ularni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga asosan 54 ta ajrim chiqarilgan.
– qonunbuzilish alomatlari mavjud bo‘lmaganligi sababli 17 ta ishni qo‘zg‘atish rad etilgan.
– qonunbuzilish alomatlari bo‘yicha 37 ta ish qo‘zg‘atilgan va belgilangan tartibda ko‘rib chiqilgan.
1 ta murojaat apellatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan va apellatsiya talabi qanoatlantirilgan. 4 ta murojaat bo‘yicha hozirgi kunda oldindan o‘rganish ishlari amalga oshirilmoqda.
- Tovar va moliya bozorlarida raqobat holati tahlili
Tovar, moliya va raqamli bozorlardi o‘tkazilgan tahlillar 2023 yil I-yarim yilligi davomida Qo‘mita tomonidan jami 440 ta (markaziy apparat 120 ta) tovar va xizmatlar bozorlari tahlil qilindi.
Shundan, 134 ta (markaziy apparat 17 ta) bozorlar to‘liq tahlil qilindi, jumladan, elektron hisoblagich, yagona dasturiy texnik kompleksida xizmat ko‘rsatish, qurilish oynasi, shisha idish (banka) mineral o‘g‘itlar, vagon tarozilarini o‘rnatish, ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish, gazbeton ishlab chiqarish, 1,0 m3 hajmli IBC-EUROCUB HDPE mahsuloti ishlab chiqarish, daraxtlarni ko‘chirib o‘tqazish, qayta ishlangan (boyitilgan) kaolin mahsulotini ishlab chiqarish, temir yo‘llari sohasidagi turli xizmatlar bozorlari hamda obyektlarni joylashtirish uchun yer uchastkalarini tanlash bo‘yicha kelishish xizmatlari bozorlarida raqobat muhiti holatini baholash ishlari olib borildi.
Tahlil natijalarida 3 ta korxona 2 ta tovar va xizmatlar bo‘yicha (“Toshelektroapparat” MChJ XK va “Elektron hisoblagich” MChJ QK elektron hisoblagich realizatsiya qilish bo‘yicha hamda “Angren Kaolin” MCHJ boyitilgan kaolin realizatsiya qilish bo‘yicha) Davlat reyestriga kiritildi.
Shuningdek, 3 ta korxona 2 ta tovar va xizmatlar bo‘yicha (“ToshkentboshplanLITI” va “O‘zshaharsozlikLITI” DUKlar obyektlarni joylashtirish uchun yer uchastkalarini tanlash bo‘yicha kelishish xizmati bo‘yicha hamda “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ vagon tarozilarini o‘rnatish, ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha) Davlat reyestdan chiqarildi.
Qo‘mita tomonidan ichki bozorning mamlakatimizda ishlab chiqarilgan tovarlar bilan to‘linganligini aniqlash maqsadida 103 ta ortiq tovar bozorlarida o‘rganishlar o‘tkazildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, 57 ta tovar bozorlari mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari bilan to‘yinganligi va 46 ta tovar bozorining to‘yinganlik darajasi pastligi (to‘yinmagani) ma’lum bo‘ldi.
- Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama faoliyatini tartibga solish sohasida amalga oshirilgan ishlar
Hisobot davrida iste’molchilardan jami 9 923 ta murojaatlar kelib tushgan. Murojaatlarning 4 318 tasi (43,5 foiz), savdo va umumiy ovqatlanish sohasi, 3 511 tasi (35,4 foiz) uy-joy kommunal, transport xizmatlari 1 813 tasi (18,3 foiz) aloqa, moliya va ijtimoiy xizmatlar hamda 281 tasi (2,8 foiz) reklama munosabatlari masalalariga to‘g‘ri keladi.
Mazkur murojaatlarning 6 400 tasi ijobiy hal etilgan, 2 445 tasiga tegishli huquqiy tushuntirish berilgan va 572 tasi vakolatli idoralarga yuborilgan. Qolgan murojaatlar ko‘rib chiqish jarayonida.
Reklamalarni joylashtirilishi va tarqatilishi bo‘yicha jami 21 086 ta, jumladan televideniyeda 286 ta, radio 200 ta, tashqi reklama vositalaridagi 16 228 ta, bosma nashrlarda 204 ta, internet va ijtimoiy tarmoqlarda 4 168 ta o‘rganishlar o‘tkazilgan.O‘rganish (monitoring)lar natijasida 8 159 ta holatda turli kamchiliklar aniqlanib, ularni tezkor bartaraf etish choralari ko‘rilgan.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlarda 9 021 nafar iste’molchilarning huquqlari buzilganligi aniqlangan va iste’molchilar foydasiga 5,2 mlrd so‘mga yaqin miqdoridagi mablag‘ qayta hisob-kitob qilingan, shundan 3,8 mlrd so‘m nuqsonli mahsulotlar almashtirib yoki qaytarib berishga to‘g‘ri keladi
Bundan tashqari, iste’molchilarga issiqlik ta’minotidagi o‘rganishlar va tahlillar natijasida 259 499 nafar iste’molchilarga 22,3 mlrd so‘m mablag‘lar qayta hisob-kitob qilingan.
Shu bilan birga, hisobot davrida jami 123 nomdagi mahsulotlarning nazorat xaridi amalga oshirilib (“Sifat nazorati” teleko‘rsatuvi bilan hamkorlikda), 13 nomdagi amaldagi talablariga nomuvofiqligi aniqlangan va 2 ta holatda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning litsenziyalari bekor qilingan.
Respublikada mavjud 200 ta doimiy faoliyat yurituvchi dehqon bozorlarida iste’molchilarga yaratilgan sharoitlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati holati o‘rganilganda, 70 ta dehqon bozorlarida veterinariya xizmati va sanitariya-epidemiologiya xodimlari to‘liq ta’minlanmaganligi, bozordagi mahsulotlarni saqlash joylashtirish qoidalariga rioya etilmayotganligi jami 1 ming 149 ta (go‘sht mahsulotlarini muzlatkich mavjud bo‘lsada tashqarida saqlashi – 442 ta; qadoqlanmagan tayyor salat, tuzlamalar va boshqa tayyor mahsulotlarni ustki qismi ochiq – 707 ta) aniqlandi. Mazkur aniqlangan huquqbuzar dehqon bozorlariga nisbatan tegishli ravishda ma’muriy tartibda ish qo‘zg‘atilib chora ko‘rildi.
VII. Tartibga solinadigan narxlar va tariflarni tahlil va nazorat qilish hamda tabiiy monopoliya subyektlarini tartibga solish
- Tabiiy monopoliyalarni tartibga solish.
Tabiiy monopoliya subyektlarining 01.07.2023-yil holatida Davlat reyestriga kiritilgan 132 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlar 11 ta xizmat turlari bo‘yicha faoliyatlari ustidan monitoring olib borilmoqda. Ushbu xo‘jalik yurituvchi subyektlarining 64 tasi (48 foiz) davlat ishtirokidagi korxonalar hisoblansa, 68 tasi (52 foiz) xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri keladi.
Ushbu reyestrga kiritilgan tabiiy monopoliya subyektlarining ro‘yxati Qo‘mitaning https://raqobat.gov.uz/uzb/rasmiy veb-saytida muntazam ravishda yoritib kelmoqda.
II.Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar.
Joriy yilda Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar davlat reyestriga kiritilgan korxonalardan 83 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlarning 632 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri imzolagan shartnomalari o‘rganildi, 5 ta monopol korxona tomonidan 41 ta holatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishda “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 10-moddasi talablariga rioya qilmaganligi aniqlandi va ular bo‘yicha belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, kelgusida mazkur qonunchilik talablari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
VIII.Iqtisodiy konsentratsiya ustidan nazorat
Qo‘mita va uning hududiy boshqarmalariga xo‘jalik yurituvchi subyektlarni qo‘shib yuborish va qo‘shib olish hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ustav fondidagi aksiyalarni (ulushlarni) olish yuzasidan jami 64 ta murojaat kelib tushgan, ulardan 52 tasiga rozilik berilgan, 3 tasi rad etilgan hamda 9 tasi bo‘yicha monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligi talab etilmasligi bildirilgan.
- Monopoliyaga qarshi komplayens tizimini joriy etish
Bugungi kunga qadar jami 130 ta shundan, 33 ta tabiiy monopoliya subyektlarida, 35 ta tovar yoki moliya bozorida ustun mavqega ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarda, 37 ta mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida, 19 ta davlat boshqaruvi organlarida hamda 6 ta korporativ buyurtmachilar faoliyatida monopoliyaga qarshi komplayens tizimi to‘liq joriy etildi.
- Tovar-xom ashyo birjalarini litsenziyalash va xarid tizimlarni nazorat qilish
Tovar-xom ashyo birjalarida respublikadagi 500 tadan ortiq korxonalar tomonidan 51 turdagi yuqori likvidli va monopol mahsulotlar, xom ashyo va materiallarni belgilangan grafiklar asosida birja savdolariga qo‘yilishi yuzasidan doimiy monitoring o‘rnatilgan.
Yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarning 2023-yil birinchi yarim yilligida sotilgan umumiy hajmi 45,2 trln so‘mni (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1 foiz ko‘p) tashkil etdi.
2023-yil I-yarim yilligi davomida respublika bo‘yicha 32 ta xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan jami 34 ta holatda manipulyatsiya alomatlarini sodir etganligi bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi. Shuningdek, 6 ta xo‘jalik yurituvchi subyekt mansabdor shaxslariga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilib, 23 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlarga bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.
XII. Jamoatchilik bilan aloqalar tashkil etish bo‘yicha
Respublikada miqyosida Qo‘mita tomonidan olib borilayotgan ishlar Qo‘mitaning veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida muntazam yoritilib borilmoqda.
Xususan, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va raqobatni rivojlantirish sohasida aholining xabardorligini oshirish maqsadida, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida ommaviy axborot vositalarida turli mavzularda jami 500 tadan oshiq material va huquqiy axborotlar berildi.
Qo‘mita markaziy apparati tomonidan ommaviy axborot vositalari uchun 9 marta matbuot brifing o‘tkazildi va Qo‘mitaning tarkibiy bo‘linma rahbarlari va hududiy boshqarma boshliqlarining OAVda va Qo‘mitaning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida 30 dan ortiq chiqishlari tashkil etildi.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi faoliyatiga aloqadorlik bo‘yicha OAV va ijtimoiy tarmoqlarda 2023 yil yanvar-iyun oylarida o‘rganib ma’lumot berilgan rasmiy munosabatlar soni 89 ta.
USHBU TADBIRDA JAMOATCHILIK KENGASHI AʼZOLARI ISHTIROK ETISHDI