Raqobat qo‘mitasi tomonidan bozorda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish va himoya qilish, shuningdek, yuqori likvidli va monopol mahsulotlarni birja savdolari orqali o‘rnatilgan tartibda realizatsiya qilinishi ustidan tizimli nazorat amalga oshirib kelinmoqda.
2025-yilning birinchi choragida Qo‘mita va uning hududiy organlari tomonidan o‘tkazilgan monitoring va tahlillar natijasida birja savdolariga oid qonunchilik talablari 43 ta holatda buzilganligi aniqlanib, 32 ta xo‘jalik yurituvchi subyektga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan.
Bunda, 19 ta holatda xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan narxlarni sun’iy oshirish bilan bog‘liq mushkul harakatlari sodir etilgan bo‘lib, natijada 2,8 milliard so‘m miqdorida asossiz daromad olingan. Qo‘mita ushbu mablag‘larni undirish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rib, 13 ta subyektga qonunbuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Bundan tashqari, 2025-yilning 1-choragida «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning 42-moddasi asosida 15ta subyektga nisbatan moliyaviy jarimalar qo‘llanildi.
Ma’lumot uchun: 2024-yil davomida 165 ta holat qayd etilgan bo‘lib, 55 ta xo‘jalik yurituvchi subyektga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan va 77,7 milliard so‘m asossiz olingan mablag‘larni qaytarish to‘g‘risida ko‘rsatmalar berilgan edi.
Raqobat qo‘mitasi tovar-xom ashyo birjalari va iste’mol bozorlarida ijtimoiy ahamiyatga ega va yuqori likvidli mahsulotlar narxlarini nazorat qilish borasidagi ishlarni davom ettiradi.