2022-yil 30-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar Agentligida Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonunga kiritilayotgan oʻzgarishlar, kutilayotgan yangiliklar mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 14-yanvardagi PF-5630-sonli “Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi Farmoni bilan qayta tashkil etilgan.
Soʻnggi yillarda Davlatimiz Rahbari boshchiligida mamlakatimizda monopoliyalarni kamaytirish va iqtisodiyotdagi davlat ishtirokini qisqartirish orqali sogʻlom raqobat muhitini yaratish maqsadida amalga oshirilgan islohotlar va chora-tadbirlar natijadorligi haqida:
Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish boʻyicha quyidagi mexanizmlar joriy etildi:
agar tovar bozorida 5 ta va undan ortiq xususiy sektor subyektlari faoliyat yuritib kelayotgan boʻlsa, ushbu sohalarda davlat ishtirokidagi korxonalarni taʼsis etilishiga cheklovlar kiritildi;
litsenziyalash, akkreditatsiyadan oʻtkazish va ruxsat berish vakolati berilgan davlat organlari va monopoliyalarga oʻzlarining ishtirokidagi korxonalarni tashkil etilishiga taqiq kiritildi;
davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishda raqobatga taʼsirini baholash mexanizmi va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining dastlabki roziligini olish tartibi joriy qilindi.
Masalan, birgina 2021-2022 yy davomida Qoʻmita tomonidan davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish boʻyicha jami 45 ta murojaatdan 33 foizida korxonalarni tashkil etish rad etilgan.
davlat ishtirokidagi korxonalarga asosiy faoliyatidan xos boʻlmagan qoʻshimcha faoliyat bilan shugʻullanish va boshqa korxonalarda ulushga ega boʻlishga taqiq oʻrnatildi.
Natijada, davlat ishtirokidagi korxonalar soni soʻnggi ikki yilda qariyb 3,0 mingdan 2,1 mingtagacha yoki 30 foizga qisqardi.
Tovar va moliya bozorlarida raqobatni yanada rivojlantirish, yangi ishtirokchilarni erkin kirib kelishini taʼminlash maqsadida:
1) tadbirkorlar uchun 185 turdagi litsenziya va ruxsat berish tartib-tamoyillari qisqartirildi yoki soddalashtirildi;
2) islohotlar natijasida 31 ta tovar va xizmatlar bozorlarida tadbirkorlarning kirishini erkinlashtirish hisobiga yetarli darajada raqobat shakllandi va monopoliya holatidan chiqarildi, jami monopol korxonalar soni esa soʻnggi 5 yilda 20 foizga kamaydi va bugungi kunga kelib 90 tani tashkil etmoqda.
Birgina joriy yilning oʻzida 13 ta tovar va xizmatlar bozorlarida mavjud eksklyuziv huquqlarni bekor qilinishi belgilandi va bosqichma – bosqich raqobatni shakllantirish boshlandi.
Misol uchun, ishlatilgan texnik moylarni yigʻish, oʻlchash vositalarini qiyoslash, don va paxtani sertifikatlashtirish, loyihalashtirish kabi sohalarda faoliyat yuritish uchun xususiy sektorga imkoniyat yaratildi.
3) normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini raqobatga taʼsirini baholash majburiy joriy etildi.
Qoʻmita bugungi kunga qadar 1,1 mingdan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari raqobatga taʼsiri baholangan, shundan qariyb 65 foizida raqobatga zid normalar mavjudligi aniqlangan.
4) monopoliyalar, shu jumladan tabiiy monopoliyalarning 6,7 mingdan ortiq turli raqobatga zid harakatlari bartaraf etildi, natijada 42 mingga yaqin tadbirkorlarning 554 mlrd soʻm soʻmlik manfaatlari himoya qilindi;
5) davlat organlarining, shu jumladan mahalliy hokimiyat organlarining 3,2 mingdan ortiq turli raqobatga zid qarorlari bekor qilindi.
6) temir yoʻllari va aeroportlar xizmatlari kabi tabiiy monopoliya sohalarida transformatsiyasi jarayoni boshlandi va uning asosiy maqsadlaridan biri ushbu bozorlarga yangi ishtirokchilarga erkin kirishini taʼminlash hisoblanadi.
7) davlat organlari va monopoliyalarda raqobat cheklanishini barvaqt aniqlash va oldini olish maqsadida monopoliyaga qarshi komplayens tizimi joriy etildi.
Maʼlumot uchun: 100 ta tashkilotlarda (10 ta davlat ishtirokidagi korxonalarda, 10 ta tabiiy monopoliya subyektlarida, 24 ta yirik monopoliyalarda, 33 ta mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida, 22 ta davlat boshqaruvi organlarida va 1 ta korporativ buyurtmachida) joriy qilindi.
Bugungi kunda yangi tahrirdagi “Raqobat toʻgʻrisidagi” qonun loyihasi ishlab chiqildi va unda “Raqobat toʻgʻrisida”gi va “tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisida”gi Qonunlar birlashtirildi hamda raqobat muhitini shakllantirish va taʼminlashning mutlaqo yangi mezonlar ishlab chiqildi.
“Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasiga kiritilayotgan asosiy yangi MEXANIZMLAR, quyidagilardan iborat:
Qonun loyihasi 9 ta bob, 52 ta moddadan iborat.
- Mavjud maʼmuriy yukni qisqartirish maqsadida kichik biznes subyektlari, yaʼni tovar aylanmasi 3 mlrd soʻmdan kichik boʻlgan tadbirkorlar monopoliyaga qarshi tartibga solishdan ozod etilmoqda.
- Raqobat va tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisidagi qonunlar birlashtirilib, tabiiy monopoliyalarni aniq mezonlari asosida belgilash yondashuviga oʻtkazilmoqda va amaldagi “tabiiy monopoliyalar sohalari roʻyxatini belgilash” prinsipidan voz kechilmoqda.
Bu tabiiy monopoliya sohalaridan raqobatni rivojlantirish mumkin boʻlgan bozorlarni ajratib olishga yordam beradi.
- Tovar va xizmatlar bozorlarida ustun mavqeni aniqlash mezonlari qayta koʻrib chiqilmoqda.
Maʼmuriy yukni qisqartirish maqsadida bozor ishtirokchilari hisoblangan ustun mavqega ega korxonlari va tabiiy monopoliya subyektlari tomonidan turli hisobot va maʼlumotlarni majburiy taqdim etish sharti bekor qilinmoqda.
- Kichik va oʻrta biznes subyektlariga nisbatan maʼmuriy yukni qisqartirish maqsadida oldindan rozilik olish talab qilinadigan iqtisodiy konsentratsiya (korxonalarning qoʻshilishi, qoʻshib olinishi hamda aksiya (ulushlarni) olish va boshqalar) bitimlari qiymati 5 baravarga oshirilayapti (amaldagi 30 mlrd soʻmdan 150 mlrd soʻmgacha), yaʼni nazorat faqat raqobatga sezilarli taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan yirik korxonalarga nisbatan tatbiq qilinishi belgilanmoqda.
- Ustun muzokara kuchi, monopoliyaga qarshi komplayens kabi yangi institutlar kiritilmoqda;
- Raqamli platformalarning Ustun mavqeni belgilash va ularga nisbatan monopoliyaga qarshi talablar belgilash nazarda tutilmoqda;
- “Kartel kelishuvlarining” iqtisodiyotga va jamiyatga zararlari va oqibatlari ogʻirligini inobatga olib jahon amaliyotida ularga nisbatan qoʻllaniladigan “per se” qoidasini kiritish, yaʼni bunday kelishuvlar oʻz-oʻzidan haqiqiy emasligi prinsipi kiritilmoqda.
- Normativ-huquqiy hujjatlar hamda ularning loyihalarini raqobat muhitiga taʼsirini baholash belgilanmoqda;
- Imtiyoz va preferensiyalar tarzdagi davlat koʻmagi koʻrinishlari va ularni taqdim etishga nisbatan monopoliyaga qarshi talablar belgilanmoqda.
- Iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirish maqsadida, davlatning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishiga yoʻl qoʻyilmasligining aniq mezonlari belgilab qoʻyilmoqda.
- Raqobat toʻgʻrisidagi qonun doirasiga nafaqat tanlov va tender, balki auksion va boshqa turdagi savdolarda raqobatni cheklash harakatlariga barham berish choralari koʻzda tutilmoqda.
- Raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun moliyaviy jarimalar belgilanmoqda hamda ayrim huquqbuzarliklar uchun amalda mavjud maʼmuriy jarimalar miqdorlari oshirilmoqda (amalda BHMning 3-5 baravari boʻlsa, loyihada BHMning 10-20 baravarigacha oshirish taklif etilmoqda) va raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzilishi uchun javobgarlik belgilanmoqda..
- Kartellarni aniqlashni samaradorlikni oshirish maqsadida raqobatga qarshi kelishuv va oʻzaro muvofiqlashtirilgan harakatlar uchun javobgarlikni yengillashtirish asoslari belgilanmoqda.
Qonun loyihasi birinchi navbatda yirik monopoliyalarning bozor hukmronligini samarali tiyib turish, bozorlarga tadbirkorlarni va yangi ishtirokchilarni erkin kirishini taʼminlash va iqtisodiy oʻsish uchun qoʻshimcha zahira sifatida raqobatni toʻliq himoya qilishni maqsad qilib qoʻygan.
Sogʻlom raqobat muhitini taʼminlash iqtisodiyotning muhim “oʻsish nuqtasi” hisoblanadi va ushbu yoʻnalishda islohotlar barqaror ravishda davom ettiriladi.