RAQOBAT QO‘MITASINING TAKLIFLARI ASOSIDA “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan HAVO TRANSPORTIDAN FOYDALANIShDA YANGI TARTIB JORIY QILINDI
Raqobat qo‘mitasining takliflari asosida mahalliy yo‘nalishlarda “Uzbekistan Airways” AJdan ikki tomonga tashuv (uchib ketish va qaytish) bo‘yicha chipta olib, ayrim sabablar bilan bir tomonga uchib keta olmaganda, ikkinchi tomondan qaytish chiptasi ham bekor qilinishi amaliyoti bo‘yicha yangi tartib joriy etildi. Bu yuzasidan avval xabar berilgan edi. (https://t.me/RaqobatGovUz/10956)
Endilikda, “Uzbekistan Airways” AJ xizmatlaridan foydalanishda mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchi yetib kelmaganligi sababli, yo‘nalishning keyingi uchastkalarida joylarni bronlashtirish bekor qilinmaydi. Yo‘lovchi o‘zi uchun joy band qilgan aviachiptada ko‘rsatilgan yo‘nalishning keyingi uchastkalarida tashishdan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Mazkur qoidani boshqa mahalliy yo‘nalishlarda aviatashuvchilarga ham joriy etish yuzasidan belgilangan qoidalarga o‘zgartirish kiritish maqsadida tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun. Havo transportida tashuvlar bo‘yicha 2025-yilda iste’molchilardan 127 ta murojaat kelib tushgan. Murojaatlarda ko‘rsatilmagan xizmat uchun haq olinishi (65 ta), sifatsiz xizmat ko‘rsatilishi (25 ta), belgilangan yo‘nalishga va vaqt oralig‘iga rioya etilmaganligi (27 ta) hamda asossiz qarzdorlik va boshqa masalalar (5 ta) ko‘tarilgan bo‘lib, ushbu murojaatlarning 122 tasi ijobiy hal etilib, jami 72 mln so‘mga yaqin mablag‘ iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlangan.
Raqobat qo‘mitasi iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish yo‘nalishida Qo‘mita tomonidan berilayotgan bunday ko‘rsatma va takliflarni o‘z vaqtida inobatga olib, iste’molchilar huquqlari ustuvorligini ta’minlab o‘z ichki qoidalarini birinchilardan bo‘lib o‘zgartirgan “Uzbekistan Airways” AJning bunday harakatlarini olqishlaydi.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan havo transportidan foydalanishda fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, sohada raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar uchun qulayliklar yaratish borasidagi bu kabi ishlar tizimli davom ettirilmoqda.








