Raqobat qo‘mitasining Namangan viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan fuqaroning “Centrum-Air” aviakompaniyasiga oid murojaati o‘rganildi
Fuqaro 2025 yil 26 sentyabr sanasida “Centrum-Air” sayti orqali Istanbul–Namangan yo‘nalishi uchun 2 ta avia chipta sotib olgan bo‘lsa-da, aviakompaniya tomonidan ortiqcha chipta sotilgani natijasida u va turmush o‘rtog‘i samolyotga sig‘may, Istanbul aeroportida qolib ketishgan. Bir sutkadan so‘ng ularga majburiy ravishda Istanbul–Toshkent reysida parvoz qilish taklif qilingan va fuqarolar shu reysda qaytib kelishgan. U mazkur holatdan norozi bo‘lib, iste’molchilik huquqlari tiklanishi yuzasidan hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
O‘rganishlar davomida, “Centrum-Air” aviakompaniyasi o‘z xatosi sabab yuzaga kelgan noqulaylik uchun fuqaro bilan kelishilgan holda quyidagi kompensatsiya va imtiyozlar taqdim etilgani ma’lum qildi.
Unga ko‘ra:
🔘500 yevro miqdorda kompensatsiya;
🔘qo‘shimcha 865 200 so‘m pullik tovon;
🔘aviakompaniyaning istalgan yo‘nalishlariga keyingi safar 20 foiz chegirma beruvchi promokod;
🔘23 kg qo‘shimcha bepul bagaj;
🔘parvoz davomida samolyotning birinchi qatoridagi joylardan bepul foydalanish imkoniyati.
Qo‘mita tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, fuqaroning iste’molchi sifatidagi huquqlari to‘liq tiklanishi ta’minlandi.








