Raqobat qo‘mitasi tomonidan sifatsiz hamda yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarni savdodan olib tashlash, iste’mol bozorlarida savdo qoidalariga rioya etilishini ta’minlash, shuningdek iste’molchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ishlar davom ettirilmoqda.
Jumladan,
🟠Buxoro viloyati misolida, Raqobat qo‘mitasi Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan joriy yil davomida hududdagi savdo do‘konlarida iste’mol tovarlari hamda oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi amaldagi me’yoriy talablarga muvofiqligi yuzasidan o‘rganishlar olib borildi.
Jumladan, joriy yilda 21 turdagi tovar nomenklaturasi bo‘yicha 57 turdagi savdo nomidagi mahsulotlar ekspertiza (laboratoriya)dan o‘tkazildi. Ekspertiza xulosalariga ko‘ra, 3 turdagi “Osh tuzi”, 2 turdagi “Armatura” hamda 3 turdagi “Un” mahsulotlari standart talablariga javob bermasligi aniqlandi.
Mazkur holatlar yuzasidan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berilib, savdodan olib tashlandi, joylarda “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq belgilangan tartibda chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
🟠Farg‘ona viloyati misolida, Raqobat qo‘mitasining Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan, Farg‘ona viloyatidagi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda joriy yilning 26-dekabr kuni Farg‘ona shahar Markaziy dehqon bozorida tashkil etilgan arzonlashtirilgan yangi yil bayrami yarmarkasida nazorat tadbirlari amalga oshirildi. Nazorat tadbirlari davomida yarmarkada sotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, xususan ularning yaroqlilik muddatlari hamda belgilangan talablarga muvofiqligi o‘rganildi.
O‘rganishlar natijasida yaroqlilik muddatlari ko‘rsatilmagan oziq-ovqat mahsulotlarini savdodan chetlashtirish choralari ko‘rilib, sotuvchilarga amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilish bo‘yicha tegishli tushuntirishlar berildi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, bunday nazorat tadbirlari aholiga sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlarini taqdim etish, shuningdek iste’molchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida muntazam ravishda davom ettirilmoqda.
🟠Toshkent viloyati misolida, Raqobat qo‘mitasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan, Olmaliq shahar dehqon bozorida tegishli tashkilot xodimlari bilan hamkorlikda joriy yilning 26-dekabr kuni Olmaliq shahar Oydin dehqon bozorida tashkil etilgan arzonlashtirilgan yangi yil bayrami yarmarkasida nazorat tadbirlari amalga oshirildi.
O‘rganishlar natijasida, ishlab chiqarish sanalari ko‘rsatilmagan «Ziyofat», «Asl omad», «Karavan» savdo belgisi ostidagi kolbasa mahsulotlari sotilayotganligi aniqlanib, ularni savdodan chetlashtirish choralari ko‘rildi va tegishli choralar ko‘rish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
Ma’lumot uchun: “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan yoki muddati o‘tgan mahsulotlarni savdoga chiqarish taqiqlanadi.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, bozorlarda halol raqobat muhitini ta’minlash hamda bayram oldidan oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.








