Raqobat qo‘mitasining aralashuvi bilan qurilish shartnomasi bo‘yicha fuqarolarga qaytarib berilmayotgan to‘lov summalari to‘liq qaytarilishi ta’minlandi
Raqobat qo‘mitasiga fuqarolar P.M. va M.F. tomonidan yo‘llangan murojaatda so‘nggi yillarda tez-tez uchrayotgan muammolardan biri — qurilish sohasidagi shartnomalar bajarilmasligi masalasi ko‘tarilgan.
Murojaatda, fuqarolar “GRAND COMFORT BUILDING” MChJ bilan 2023-yilda “RABAD” savdo markazi qurilishida ishtirok etish maqsadida shartnoma imzolagan. Shartnoma shartlariga ko‘ra, mazkur savdo markazi 2025-yil fevral oyida foydalanishga topshirilishi lozim bo‘lgan. Biroq, qurilish ishlari to‘xtab qolgani, belgilangan muddatda obyekt topshirilmasligi aniq bo‘lgan.
Fuqarolar 2025-yil avgust oyida, imzolangan shartnomani bekor qilish maqsadida tegishli tartibda ariza bilan murojaat qilgan bo‘lsa-da, bugungi kunga qadar to‘langan pul mablag‘lari qaytarilmagan. Bu holat esa fuqarolarning haqli noroziligiga sabab bo‘lib, o‘z huquqlarini himoya qilish va masalani qonun doirasida hal etish yuzasidan Raqobat qo‘mitasidan amaliy yordam so‘rab murojaat qilishgan.
Ma’lumot o‘rnida, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasiga asosan, Ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shartligi qayd etilgan.
Mazkur murojaat Qo‘mitaning Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan ko‘rib chiqildi. Natijada, “GRAND COMFORT BUILDING” MChJ tomonidan iste’molchilarning har biriga 133 602 000 so‘mdan, jami 267 204 000 so‘m mablag‘ qaytarib berilishi ta’minlanib, iste’molchilarning huquqlari ta’minlandi.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan bu borada ishlar davom ettirilmoqda: ushbu sohadagi o‘rganishlar fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, qurilish sohasida qonunbuzarliklarni oldini olish, shartnomalarning bajarilishini ta’minlash hamda kelgusida shunday holatlarning takrorlanishini oldini olishga qaratilgan.








