Raqobat qo‘mitasiga savdo sohasidagi muammolar yuzasidan fuqarolardan ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.
Murojaatlar yechimi hududlar kesimida:
Xorazm viloyati
Hududiy boshqarmaga Bog‘ot tumanidan N.A.ning sotib olgan telefon mahsuloti nuqsonli bo‘lganligi sababli, mazkur nosoz holatdagi mahsulotni do‘konga topshirgani, biroq hozirgi kungacha mahsulotga to‘lagan pullari qaytarilmayotganligidan norozi bo‘lib qilgan murojaati yuzasidan o‘rganish ishlari o‘tkazildi.
O‘rganishlar natijasida ushbu mahsulot haqiqatda nuqsonli ekanligi o‘z tasdig‘ini topdi. Holat yuzasidan tadbirkorlik subyektiga sohaga oid qonunlar yuzasidan tushuntirish berilib, 6 928 740 so‘m fuqaroga telefon uchun to‘langan pul qaytarilishi ta’minlandi.
Toshkent shahar
Hududiy boshqarmaga Yunusobod tumanida yashovchi fuqaro S.A.dan kelib tushgan murojaatda “Uzum Market” platformasi orqali sotib olgan “Aux” rusumli kondisionerning o‘lchami va ishlash quvvati xonadoniga mos kelmagani sababli tovarni qaytargani, biroq oradan ancha vaqt o‘tganiga qaramay unga to‘langan puli qaytarilmaganidan shikoyat qilgan.
Olib borilgan o‘rganishlarga ko‘ra “UZUM MARKET” MChJ XK tomonidan tovar qabul qilinib, to‘langan 3 mln 999 ming so‘m mablag‘ S.A.ga qaytarib berilishi ta’minlandi.
Surxondaryo viloyati
Hududiy boshqarmaga Sherobod tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro R.M. murojaat qilib, xonadoniga o‘rnatilgan quyosh paneli qisqa foydalanishdan so‘ng nosoz holatga kelganini bildirib, uni ta’mirlashda amaliy yordam so‘ragan.
Murojaat o‘rganilib, ta’minotchi M.O.K. tomonidan panel ta’mirlatib berildi va fuqaroning muammosi ijobiy hal etildi.
Samarqand viloyati
Hududiy boshqarmaga Samarqand shahrida yashovchi fuqaro A. X.dan murojaat kelib tushgan. Fuqaro murojaatida oilaviy sharoitlarini inobatga olgan holda “Idea” MChJ do‘konidan muddatli to‘lov asosida xarid qilgan tovarlar uchun shartnomani bekor qilishni so‘rab, do‘konga ariza topshirgani, biroq shartnoma bekor qilinmagani va plastik kartasidan to‘lovlar yechib olinayotganini ma’lum qilgan hamda mazkur masalada amaliy yordam so‘ragan.
Murojaat asosida boshqarma tomonidan tegishli ishlar amalga oshirilib, “Idea” MChJ do‘koni va fuqaro o‘rtasidagi shartnoma bekor qilinishi ta’minlandi.
Qashqadaryo viloyati
Hududiy boshqarmaga Qarshi tumanida yashovchi fuqaro S.H. tomonidan “Idea” MChJ savdo do‘konidan 999 000 so‘mga xarid qilingan televizori sifatsiz ekanligi, bundan tashqari muddatli to‘lov asosida 6 600 000 so‘mga xarid qilingan kondisionerning narxi shartnomadan keyin 8 628 000 so‘mga oshirilgani yuzasidan e’tiroz bildirilgan murojaat kelib tushdi.
O‘rganish natijasida fuqaroning murojaati qanoatlantirildi, texnika vositalari qaytarilib, shartnoma bekor qilinishi ta’minlandi.
Jizzax viloyati
Hududiy boshqarmaga Sh.RaShidov tumanidan N.S. Jizzax shahri Toshloq mahallasida joylashgan do‘konidan xarid qilgan avtomobil ehtiyot qismlaridan 4 dona shina sifatsiz chiqqanligi, ammo unga to‘langan pulni qaytarib ololmayotgani yuzasidan murojaat qilgan.
O‘rganish va amaliy choralar natijasida fuqaroga shinaga to‘langan 650 000 so‘m pul mablag‘i to‘liq qaytarilishi ta’minlandi.
Navoiy viloyati
Hududiy boshqarma fuqaro R.M.ning “Uzum market” platformasi orqali sotib olgan telefoni nosozligi bo‘yicha qilgan murojaatini ko‘rib chiqdi. Natijada shartnoma bekor qilinib, fuqaroga 279 000 so‘m qaytarildi.