Raqobat qo‘mitasiga Respublika bo‘ylab aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatida iste’molchilarga yetkazilayotgan zararlar bo‘yicha kelib tushayotgan murojaatlar doimiy ravishda o‘rganilib, ularning huquqlari himoya qilinmoqda.
Jumladan.
Andijon viloyati
Fuqaro M.X. “FUTURE OPEN TECHNOLOGY GROUP” AJga qarashli “OPEN” muddatli to‘lov ilovasi orqali 1-yillik kafolat bilan kondisioner xarid qilgan. U 2 oylik to‘lovni (670 000 so‘m) oldindan amalga oshirganiga qaramasdan, mahsulot qisqa muddat ichida nosoz holatga kelib qolgani yuzasidan norozilik bildirib, hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, iste’molchining roziligi bilan sotib olingan nosoz mahsulot yangisiga almashtirib berilishi ta’minlandi.
Jizzax viloyati
Fuqaro S.A. Agrobank ATBdan olingan kredit bo‘yicha sud qarori asosida barcha to‘lovlarni amalga oshirganiga qaramasdan, hozirgi vaqtga qadar 12,0 mln so‘mlik foiz hisoblanganiga norozilik bildirib, hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, Fuqaroga hisoblangan 12,0 mln so‘mlik foiz va penyalardan undirish bo‘yicha sud qarori chiqqanidan so‘ng noto‘g‘ri hisoblangan 5,7 mln so‘mdan ortiq foiz va penyalar qaytarildi va murojaat iste’molchi foydasiga ijobiy hal etildi.
Qashqadaryo viloyati
Fuqaro X.M. Anorbank AJ tijorat banki orqali shartnoma asosida kredit olgan. U to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirib kelayotganiga qaramasdan, plastik kartasidan 2 800 000 so‘m o‘rniga asossiz ravishda 6 900 000 so‘m undirilgani yuzasidan norozilik bildirib, hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, fuqaroga bank tomonidan asossiz undirilgan 4 mln so‘m mablag‘i to‘liq qaytarilishi ta’minlandi.
Navoiy viloyati
Fuqaro Q.O. Ipoteka Bank ATB tomonidan ipoteka krediti rasmiylashtirgan. U oylik ish haqqini har oyning 15–20 sanalarida olishiga qaramasdan, bank kreditni so‘ndirish muddatini oyning 5-sanasi qilib belgilagani sababli muddati o‘tgan qarzdorlik yuzaga kelayotganini bildirib, to‘lov muddatini har oyning 25-sanasiga ko‘chirish yuzasidan hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, xizmat ko‘rsatuvchi bank fuqaro Q.O. nomiga rasmiylashtirilgan kreditning har oylik so‘ndirish jadvaliga o‘zgartirish kiritilishi ta’minlandi.
Sirdaryo viloyati
Xovos tumanida iste’molchilarga yetkazib berilayotgan ichimlik suvi sifatini tekshirish ishlari olib borildi. O‘rganishlar davomida suvdan olingan namunalar natijasida Xovos tumanidagi 3 ta MFYda 147 nafar iste’molchiga sifatsiz ichimlik suvi yetkazib berilgani va 5 mln so‘mga yaqin asossiz mablag‘lar olingani aniqlandi.
Aniqlangan qonun buzilishi holatlari bo‘yicha hududiy boshqarma tomonidan “Sirdaryo suv ta’minoti” AJga nisbatan tegishli tartibda ish qo‘zg‘atildi va 147 nafar iste’molchi bilan 5 mln so‘mga yaqin mablag‘larni qayta hisob-kitob qilish to‘g‘risida majburiy ko‘rsatma berildi.
Toshkent viloyati
Fuqaro “GM Motors” Angren shahar filialidan xarid qilingan yangi “Sobalt” avtomashinasida kapot qismi almashganligidan norozilik bildirib, yangi avtomashinaga almashtirib berish yuzasidan hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, murojaatchiga “Uz AUTO MOTORS” AJ kompaniyasi dileri “LION MOTORS” MChJ tomonidan yangi “COBALT” avtomashinasiga almashtirib berilishiga erishildi.








