Raqobat qo‘mitasiga reklama sohasidagi muammolar yuzasidan fuqarolardan ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.
Murojaat va o‘rganishlar hududlar kesimida:
🔵Surxondaryo viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan o‘rganishlar davomida «AMEDEUS 777» oilaviy korxonasiga tegishli aviakassasi orqali 2025-yilning 26-iyun oyiga qadar “UMRA SAFARI” taklifnomalar (vizitka) orqali reklamalarini tarqatib kelayotganligi aniqlangan.
Natijada, O‘zbekiston Respublikasi «Reklama to‘g‘risida»gi Qonuni talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi sababli kelgusida bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘yilishining oldini olish maqsadida «AMEDEUS 777» oilaviy korxonasi rahbari fuqaro Xujamurodova Dilorom Musurmonovnaga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llanildi.
🔵Samarqand viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan o‘rganish natijalariga muvofiq, maxsus komissiya tomonidan Samarqand viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan xo‘jalik yurituvchi subyekt “Salmon lazzat” OK tomonidan noqonuniy reklama o‘rnatilganligi aniqlandi.
Shunga ko‘ra, “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun hamda Vazirlar Mahkamasining “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi 104-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomda belgilangan tashqi reklama va axborotni joylashtirish tartibi buzilishi yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, tegishli ta’sir choralari ko‘rildi hamda kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
🔵Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobat qo‘mitasi tomonidan joriy yilning yanvar-iyul oylarida “Qaraqalpaq Gilem Servis” MChJ, “Dawran Brand” MChJ, “Doctor Tupchanov Dental” MChJ, “Mirtimur Trade” MChJ, “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki To‘rtko‘l filiali, “Sunny med pharm” MChJ, “Islam Texno Mir” MChJ, “Matniyazov Makset Invest” MChJ, “AAR Clean” MChJ, “Rasulbek-Robiya” MChJ, “Yuldashev Kasimboy” MChJ, “Alpamıs Saray” MChJ va “Baxtibay Nukus” MChJlarda Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-avgustdagi “Tashqi reklama va ijtimoiy axborotning aylanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishni yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 428-sonli qarorining 10-bandiga muvofiq o‘rganish ishlari o‘tkazildi.
Xususan, unda jamiyat tomonidan joylashtirilgan reklamalar bir kvadrat metrdan ko‘p bo‘lgan maydonga ega ekanligi va reklama joyining pasportiga ega emasligi aniqlanib, O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga asosan dalolatnoma rasmiylashtirilgan va Vazirlar Mahkamasining 225-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga asosan ish qo‘zg‘atilib, tegishli ko‘rsatma berildi va moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
🔵Qashqadaryo viloyati
Hududiy boshqarmaning o‘rganishlari natijasida Qarshi shahridagi faoliyat olib borayotgan tadbirkor YATT “R.A.A” ga tegishli “HAIER” nomli savdo do‘konining old qismida “Haier dunyodagi №1 brend” mazmunidagi reklama axboroti joylashtirilganligi aniqlandi.
Ushbu holat yuzasidan hududiy boshqarmaning Maxsus komissiyasi tomonidan YATT “R.A.A”ga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, tegishli ko‘rsatma berildi va moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
🔵Navoiy viloyati
Hududiy boshqarmaga Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro A.N. “Kichkina tabib” nomli telegram kanal orqali reklama qilingan xalq tabobati dori vositasini xarid qilgani, ammo iste’mol qilgandan so‘ng unga nojo‘ya ta’sir ko‘rsatgani sababli to‘lagan mablag‘lari qaytarilishida amaliy yordam so‘rab bergan murojaati o‘rganib chiqildi.
Natijada mazkur kanal boshqaruvchisi N.I.ga mavjud qonun talablari tushuntirilgach, fuqaroga dori vositasi uchun to‘langan 700 000 so‘m mablag‘ qaytarib berilishi ta’minlandi.