Raqobat qo‘mitasiga kommunal xizmatlar-gaz ta’minoti, chiqindi tashib ketish, ichimlik suv ta’minoti ko‘rsatish bo‘yicha yuzaga kelgan muammoli murojaatlar ijobiy yechim topmoqda.
Murojaatlar yechimi hududlar kesimida:
Xorazm viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan Urganch tumani fuqarosi R.X.ga noqonuniy ravishda tabiiy gaz ta’minotiga ulangan deb topib, asossiz ravishda 33,4 mln so‘m jarima qo‘llangani yuzasidan kelib tushgan murojaat o‘rganildi. O‘rganish natijasida fuqaroga hisoblangan jarima asossiz rasmiylashtirilganligi o‘z tasdig‘ini topganligi sababli “Hududgaz ta’minot” AJ va uning “Hududgaz Xorazm” gaz ta’minoti filialiga nisbatan maxsus komissiya tomonidan ish qo‘zg‘atilib, belgilangan tartibda bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berilishi natijasida 33 471 360 so‘m jarima bekor qilinishi ta’minlandi.
Shuningdek, 2024-yil noyabrdan 2025-yil aprelgacha bo‘lgan davridagi gaz sarfi uchun qilingan “Hududgaz Xorazm” filiali bilan qilingan qayta hisob-kitoblarda ham fuqaroning qarzdor emasligi ma’lum bo‘ldi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2025-yilning 7 oyligi davomida maishiy qattiq chiqindilarni olib ketish xizmatini ko‘rsatuvchi korxonalar faoliyati o‘rganildi. O‘rganish ishlari natijasida chiqindilarni olib chiqishda belgilangan grafikka rioya etilmagani va hisob-kitoblarda qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.
Jami 126 656 nafar iste’molchidan asossiz ravishda 4,2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ undirilgani aniqlanib, ushbu summa abonentlar hisob-raqamlariga qayta hisoblab berilishi ta’minlandi.
Namangan viloyati
Hududiy boshqarmaga Namangan shahar, Zarafshon MFYda yashovchi fuqaro A.G‘ tomonidan chiqindilarni tashish va xizmat ko‘rsatish jamiyati “Namangan Musaffo iqlim” MChJ tomonidan chiqindilar o‘z vaqtida olib ketilmagani, ammo jamiyat xodimlari tomonidan asossiz 625 000 so‘m qarzdorlik hisoblanganidan norozi bo‘lib, amaliy yordam so‘rab murojaat qoldirgan.
Fuqaro murojaatini o‘rganish davomida boshqarma xodimlari hamda “Namangan Musaffo iqlim” MChJ mutaxassislari bilan fuqaro tomonidan chiqindi uchun amalga oshirgan to‘lovlarini qayta hisob-kitob qilinib, asossiz hisoblangan 625 000 so‘m qarzdorlik bartaraf etilib, iste’molchining buzilgan huquqi tiklanishiga erishildi.
Farg‘ona viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan Qo‘qon shahrida yashovchi fuqaro A.F.ning murojaati asosida o‘rganish ishlari olib borildi. Unda suv ta’minoti korxonasi xodimlari hisoblagich ko‘rsatkichini noto‘g‘ri, ya’ni 4000 kub deb kiritgani, aslida esa 3337 kub ekani aniqlandi.
Natijada, qayta qilingan hisob-kitoblar fuqaroning 652 000 so‘m miqdorda haqdor ekanligini ko‘rsatdi va unga yuklangan noreal qarzdorlik to‘liq bekor qilinishi ta’minlandi.