Raqobat qo‘mitasiga ichimlik suvi ta’minoti korxonasi tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar yuzasidan kelib tushayotgan murojaatlar ko‘rib chiqilib, iste’molchilarning huquqlari himoya qilinmoqda.
Murojaatlar hududlar misolida
Toshkent viloyati Zangiota tumanida yashovchi fuqaroning yo‘llagan murojaatida suv ta’minotidagi tez-tez uzilishlar bo‘lishi va oxirgi 3 kundan buyon umuman suv bo‘lmaganligidan norozilik bildirgan.
O‘rganishlar natijasida “Toshkent viloyati Suv ta’minoti” AJ Zangiota tuman filiali tomonidan kamchiliklar bartaraf etilishi ta’minlangan. Toshkent shahri Hududiy boshqarma tomonidan Toshkentning M.Ulug‘bek tumani, Avayxon ko‘chasi 29-uy va TTZ-1 mavzesi 279-maktab hududidagi O‘zbekiston Respublikasi ichimlik suvlari – Gigiyenik talablar va sifatni nazorat qilish milliy standarti (O‘zMSt133:2024) me’yor talablariga nomuvofiqligi aniqlagani yuzasidan Qurilish va Uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi olib borilgan o‘rganish natijalari yuzasidan berilgan ma’lumotga asosan “Toshkent shahar suv ta’minoti” AJga nisbatan ish qo‘zg‘atildi.
Shuningdek, 2025-yil 21-aprel – 5-may kunlari oralig‘ida 2 503 ta iste’molchilarga o‘rtacha 21 120 m3 miqdorida O‘zMSt133:2024 me’yor talablariga javob bermaydigan ichimlik suvi yetkazib berilgan.
Natijada maxsus komissiya tomonidan 43 mln so‘mdan ortiq miqdordagi pul mablag‘larini iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilish bo‘yicha “Toshkent shahar suv ta’minoti” AJga qaror qabul qilinib, tegishli ko‘rsatma berildi. Samarqand viloyati Hududiy boshqarmaga fuqaro F.J. murojaat qilib, ichimlik suvi yetkazib berishdagi doimiy surunkali uzilishlardan norozilik bildirgan.
O‘rganishlar natijasida “Suv ta’minoti” AJga mazkur murojaat ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi hamda uzilishlarga sabab bo‘lgan texnik nosozliklar bartaraf etildi. Qashqadaryo viloyati Hududiy boshqarmaga Qarshi shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro Sh.K. xonadonida foydalanib kelinayotgan ichimlik suvi uchun to‘lovlarni doimiy ravishda amalga oshirib kelishiga qaramay, ta’minotchi tomonidan 700 000 so‘m qarzdorlik chiqarilib, ta’minotdan uzib qo‘yilgani yuzasidan murojaatini qoldirgan.
Kelib tushgan mazkur murojaat bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilganda haqiqatdan ham iste’molchining nomiga suv hisoblagichidagi nosozlik sababli asossiz ravishda qarzdorlik yuzaga kelganligi aniq bo‘ldi.
Ayni vaqtda iste’molchi nomidagi asossiz qarzdorlik dasturdan chiqarildi va xonadon to‘liq suv ta’minotiga ulanishi ta’minlandi. Navoiy viloyati Hududiy boshqarma Karmana tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro R.L. xonadonida ichimlik suvi yo‘qligi, suv ta’minoti korxonasiga bir necha bor murojaat qilsa-da, masalasi yechilmagandan norozi bo‘lib yo‘llagan arizasi o‘rganib chiqildi.
Natijada “Navoiy suv ta’minoti” MCHJ tasarrufidagi suv yetkazish inshootidagi muammo bartaraf etilib, fuqaro va ushbu ko‘chada istiqomat qiluvchi barcha aholi xonadonlariga ichimlik suvi muntazam ravishda yetkazib berilishi ta’minlandi.








