O‘zbekiston Respublikasi va Jahon banki hamkorligida amalga oshirilayotgan «Institutsional salohiyatni oshirish» loyihasi doirasida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasida xalqaro ekspert Liya Grauberger ishtirokida «Kartellarga qarshi kurashda javobgarlikni yumshatish dasturlarini qo‘llash amaliyoti (Leniency Programme)» mavzusidagi taqdimotning uchinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur taqdimot doirasida kartellarga qarshi kurashishda javobgarlikni yumshatish dasturlarini qo‘llash amaliyotida O‘zbekiston uchun boshqaruv prinsiplarini ishlab chiqish masalalari ko‘rib chiqilib, taqdimot interaktiv usulda, jumladan guruhlarga bo‘linib ishlash, keyslarni o‘rganish va muammoli vazifalarni yechimini topish va muhokamalar shaklida o‘tkazildi.
Taqdimotda xalqaro ekspert Liya Grauberger tomonidan Leniency dasturining xalqaro amaliyoti yuzasidan batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, ekspert va Qo‘mita mutaxassislari o‘rtasida xalqaro tajribaga asosan O‘zbekiston sharoitida bunday dastur joriy etish bo‘yicha fikrlar almashildi hamda tegishli amaliy tavsiyalar berilib, dasturni tatbiq etish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» loyihasi ko‘rib chiqildi.
Tadbirda Qo‘mita markaziy apparati boshqarmalari va bo‘limlari rahbarlari, shuningdek yetakchi mutaxassislar ishtirok etishdi. Taqdimot doirasida xalqaro ilg‘or tajribalarning o‘rganilishi O‘zbekistonda samarali monopoliyaga qarshi tartibga solish, xususan kartel kelishuvlariga qarshi kurashish sohasidagi izchil va samarali siyosatni shakllantirishda muhim amaliy ahamiyatga ega.
Mazkur taqdimot kartellarga qarshi kurashishning zamonaviy, shaffof va samarali mexanizmlarini yaratish, shuningdek xalqaro standartlar, jumladan Xalqaro Raqobat Tarmog‘i (ICN) va Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) standartlariga mos yondashuvlarni tatbiq etish hamda amaliy harakatlarni ko‘rib chiqish uchun xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun: Leniency dasturi — kartel ishtirokchilariga o‘zaro kelishuvlarni ixtiyoriy ravishda fosh etish evaziga javobgarlikni yumshatish imkonini beruvchi mexanizm bo‘lib, ko‘plab davlatlarda kartellarga qarshi siyosatning samarali vositasi sifatida qo‘llaniladi.








