Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy tuzilmalariga fuqarolardan savdo, moliyaviy xizmatlar va kommunal sohalarda tushgan murojaatlar o‘rganilib, ijobiy hal etilmoqda.
Hududlar kesimida misollar
🔘Xorazm viloyati
Hududiy boshqarmaning ishonch telefoni orqali Xonqa tumanida yashovchi fuqaroning yangi xarid qilgan Samsung A 56 telefoni nosoz chiqqanligidan norozi bo‘lib qilgan murojaati yuzasidan o‘rganish ishlari o‘tkazildi.
O‘rganishlar jarayonida, haqiqatdan telefonda nosozliklar mavjudligi o‘z tasdig‘ini topdi. Holat yuzasidan tadbirkorlik su’bektiga O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni yuzasidan tushuntirish berildi. Natijada fuqaroning 4 mln 800 ming so‘mga sotib olgan telefoni kafolat muddatida ta’mirlatib berilishi ta’minlandi.
🔘Toshkent viloyati
Hududiy boshqarmaga Yuqorichirchiq tumanida yashovchi fuqaroning yo‘llagan murojaatida ijtimoiy tarmoq orqali razgovor_uz rus tili kurslariga yozilgani, lekin kurs sifati uni qoniqtirmagani sababli amalga oshirilgan to‘lov summasini qaytarish yuzasidan amaliy yordam so‘ragan.
O‘rganishlar natijasida, razgovor_uz rus tili kurslari uchun to‘langan 1 mln 300 so‘mga yaqin pul mablag‘i iste’molchiga qaytarib berilishi ta’minlandi.
🔘Toshkent shahar
Hududiy boshqarmaga Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro N.S.ning murojaati kelib tushdi. Unda “Welness Group Prime” MChJdan oshxona jihozlarini sotib olgani, biroq ushbu jihozlar aynan reklamada berilganidek emasligi, ya’ni sifati pastligi sababli shartnomani bekor qilish hamda tovarga to‘langan pul mablag‘ini qaytarib ololmayotgani yuzasidan norozilik bildirgan.
O‘rganish ishlari natijasida “Welness Group Prime” MChJ tomonidan fuqaro bilan tuzilgan shartnoma bekor qilinib, to‘langan 13 mln so‘mdan ortiq pul mablag‘i qaytarib berilishi ta’minlandi.
🔘Surxondaryo viloyati
Hududiy boshqarmaga Sho‘rchi tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro R.A.ning tumandagi savdo markazidan bir necha turdagi salqinlantiruvchi gazlangan ichimligini xarid qilish uchun plastik kartochkasi orqali to‘lovni amalga oshirgan, ammo ulardan biri – pepsi kola mahsuloti berilmagani yuzasidan qoldirgan murojaati o‘rganib chiqildi.
Murojaatni o‘rganish natijasida fuqaroga sotuvchi tomonidan ortiqcha olingan mablag‘i qaytarilishi ta’minlanib, murojaati ijobiy hal etildi.
🔘Sirdaryo viloyati
Hududiy boshqarmaga Guliston shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro K.X.ning tabiiy gaz ta’minotidan xonadoniga nisbatan asossiz qarzdorlik hisoblanib, dalolatnoma rasmiylashtirilgani, ushbu holatni qonun doirasida qayta ko‘rib chiqish yuzasidan amaliy yordam so‘rab yo‘llagan murojaati o‘rganildi.
O‘rganishlar natijasida “Hududgaz Sirdaryo” GTF tomonidan iste’molchiga nisbatan hisoblangan 13 mln so‘mdan ziyod noreal qarzdorlik yuzasidan rasmiylashtirilgan dalolatnoma bekor qilinishi ta’minlandi.








