Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy tuzilmalariga avtomobillarni xarid qilish, ulardagi ehtiyot qismlarining nosoz chiqqani, shu bilan bir vaqtda jamoat transportida ko‘rsatilayotgan xizmatlar yuzasidan tushgan murojaatlar ijobiy hal etilmoqda.
Misollar hududlar kesimida
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Raqobat qo‘mitasiga Chimboy tumanida istiqomat qiluvchi D.S.ning yo‘llagan murojaatida shartnoma asosida “TRACKER-2 TRK LTZ PLUS” sotib olgan avtomobili nosoz holatda ekanligi yuzasidan amaliy yordam berishni so‘ragan.
Murojaatda keltirilgan masala yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilishi natijasida “Driver’s Village” MChJga “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun talablari tushuntirilib, jamiyat tomonidan avtomobilda aniqlangan nosozlik, ya’ni dvigatel sovitkich tizimidagi nasos yangisiga almashtirilib berilishi ta’minlandi.
Samarqand viloyati
Hududiy boshqarmaga Kattaqo‘rg‘on shahrida yashovchi fuqaro S.A.ning murojaati kelib tushgan.
Unda fuqaro Samarqand shahar Rasadxona MFYda joylashgan “ADM-ASTER” MChJ avtosalonidan “Chery 7pro” mashinasini xarid qilib olgani va mazkur mashinaning uzatmalar qutisi qismida nosozlik yuzaga kelganligi, ammo avtosalon tomonidan mazkur nosozlik kafolat muddatiga kirmasligi ma’lum qilinib, mashinani kafolat shartnomasi bo‘yicha tuzatib berishda amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan.
O‘rganishlar natijasida “ADM-ASTER” MChJ tomonidan fuqaro avtomashinasi uzatmalar qutisi yangisiga almashtirib berilishi ta’minlandi.
Buxoro viloyati
Hududiy boshqarma fuqaro K.L.ning Navoiy shahrida faoliyat olib borayotgan “DIYOR AVTO MOTORS” MChJdan xarid qilgan Chevrolet Cobalt rusumli avtomashinasi asl g‘ildiraklari o‘rniga boshqa sifati past bo‘lgan g‘ildiraklar o‘rnatilgani yuzasidan yo‘llagan murojaati ko‘rib chiqildi.
Natijada “DIYOR AVTO MOTORS”MChJ tomonidan fuqaro K.L.ga tegishli Chevrolet Cobalt rusumli avtomashinaga ishlab chiqaruvchiga tegishli bo‘lgan asl g‘ildiraklar o‘rnatib berilishi ta’minlandi.
Namangan viloyati misolida
Hududiy boshqarma tomonidan “Fair tech” axborot tizimi orqali kelib tushgan xabarlar asosida dori vositalarini ulgurji sotuvchi 10 ta xo‘jalik yurituvchi subyekt faoliyati o‘rganildi.
O‘rganish natijasida ayrim subyektlar tomonidan belgilangan ulgurji referent narxlarga rioya etilmasligi oqibatida 340,3 mln so‘m miqdorida ortiqcha mablag‘ olingani aniqlandi.
Asossiz narx oshirish holatlari bo‘yicha belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, mas’ullarga bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.