Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy organlariga moliyaviy xizmatlar, kommunal va savdo sohalarida fuqarolardan tushayotgan murojaatlar ijobiy yechim topmoqda.
Hududlar kesimida misollar Andijon viloyati Hududiy boshqarmaga Andijon tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro S.D. tomonidan shikoyat arizasi kelib tushgan bo‘lib, unda “Ishonch” do‘konida plastik karta orqali savdo qilinganda 4 marotaba 45 ming so‘mdan jami 180 ming so‘m asossiz yechib olingani, yuzaga kelgan muammo hal qilinmayotgani yuzasidan e’tiroz bildirilgan.
O‘rganishlar natijasida “Ishonch” do‘koni tomonidan xatolik bilan yechib olingan 184 000 so‘m miqdoridagi pul mablag‘i iste’molchining plastik kartasiga qaytarib berilishi ta’minlandi. Buxoro viloyati Hududiy boshqarmaga fuqaro I.M tomonidan kelib tushgan murojaatda fuqaro “Buxara Medikal Servis” MCHJdan shartnomaga asosan quyosh panellari va batareyalari xarid qilgani tovarning kafolat muddatida nuqsonlar paydo bo‘lgani, ammo mazkur jamiyat fuqaroning murojaatlariga e’tiborsizligi sabab nuqsonlarni bartaraf etib berilmayotganligidan shikoyat qilib, ushbu masalada amaliy yordam so‘ralgan.
O‘rganishlar natijasida murojaatchiga “Buxara Medikal Servis” MCHJ tomonidan quyosh panelidagi nuqsonlar bartaraf etib berilishi ta’minlandi. Jizzax viloyati Hududiy boshqarmaga Zomin tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro J.F. “Ishonch” do‘konlar tarmog‘i bilan yuzaga kelgan noqulayliklardan norozi bo‘lib murojaat qildi.
Murojaatda fuqaro mazkur tarmoqdan muddatli to‘lov asosida xarid qilgan konditsioneri nosoz chiqqani, ammo servis xizmati xodimlari konditsionerni ta’mirlab berishmagani uchun do‘kon bilan tuzilgan shartnoma bekor qilinishida amaliy yordam berishni so‘ragan.
Natijada nuqsonli konditsioner do‘konga topshirilib, shartnoma bekor qilinib, oylik to‘lovi uchun yechib olingan 1 mln 800 ming so‘mdan ortiq pul mablag‘lari qaytarib berilishi ta’minlandi. Farg‘ona viloyati Hududiy boshqarmaga Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro A.S.dan kelib tushgan murojaatda ta’kidlanishicha, fuqaroning xonadonidagi gaz hisoblagich uskunasi nosoz holga kelib qolgani sababli kompyuter bazasiga noto‘g‘ri — yuqori ko‘rsatgichlar yuborgan. Gaz ta’minoti xodimlari tomonidan uskuna yechilib, ishlab chiqaruvchi tashkilot tomonidan ta’mirlangan bo‘lsa-da, hisobotlarda noto‘g‘ri aks etgan qarzdorlik summasi qayta hisoblanmagani iste’molchining noroziligiga sabab bo‘lgan.
Murojaat tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘rganilib, masalaga oydinlik kiritildi. Natijada fuqaroga nisbatan hisoblangan 1 mln 400 ming so‘mga yaqin noreal qarzdorlik bartaraf etilishi ta’minlandi.








