Murojaatlar hududlar kesimida
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Qo‘mita tomonidan Nukus shahrida ichimlik suvi sifati yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish davomida 1 478 nafar jismoniy va 3 ta yuridik shaxsga yetkazib berilgan ichimlik suvi tarkibida umumiy qattiqlik darajasi belgilangan sanitariya-gigiyenik me’yorlardan oshgani va ushbu suv uchun jami 2,8 mln so‘mdan ortiq mablag‘ undirilgani aniqlandi.
Holat yuzasidan, “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 225-sonli qarori talablarini buzgan “Qoraqalpoq suv ta’minoti” AJga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rildi va iste’molchilar foydasiga 2,8 mln so‘mdan ortiq mablag‘larni ixtiyoriy ravishda qayta hisob-kitob qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Jizzax viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan “Jizzax Suv ta’minoti” AJning Sh.RaShidov tuman filiali faoliyati — xususan, aholiga yetkazib berilayotgan ichimlik suvining sifati va belgilangan standartlarga muvofiqligi yuzasidan o‘rganish ishlari amalga oshirildi.
Tekshiruv natijasida 2025-yil 18–19-mart kunlari «Nargiza» va «Xalqobod» suv to‘plash inshootlaridan jami 16 546 m³ hajmdagi ichimlik suvi iste’molga yaroqsiz holda tarqatilgani va bu orqali 6 086 nafar iste’molchidan jami 74,1 mln so‘m miqdorida mablag‘ undirilgani aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 194-sonli qarori talablariga zid ravishda sodir etilgan ushbu holat yuzasidan “Jizzax Suv ta’minoti” AJga nisbatan ish qo‘zg‘atildi.
Natijada, ortiqcha undirilgan 74,1 mln so‘m miqdoridagi mablag‘larni iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilish va kelgusida bunday qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Sirdaryo viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan Boyovut tumanida ichimlik suvi sifati yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish davomida 8 ta MFYda istiqomat qilayotgan iste’molchilarga sifatsiz ichimlik suvi yetkazib berilgani va bunda iste’molchilardan jami 8,3 mln so‘mdan ortiq mablag‘ undirilgani aniqlandi.
Holat yuzasidan “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun talablarini buzgan “Sirdaryo suv ta’minoti” AJga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atildi hamda ortiqcha undirilgan 8.3 mln so‘mdan ortiq mablag‘lar iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan iste’molchi, sifatli va ishonchli tovar hamda xizmat olish, to‘liq ma’lumotga ega bo‘lish, zarur hollarda shartnomani bekor qilish va yetkazilgan moddiy yoki ma’naviy zarar uchun kompensatsiya talab qilish huquqiga ega.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 21-moddasiga asosan sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.