Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy organlariga fuqarolardan avtomobillarni yetkazib berish, xarid qilish, ularga kafolatlangan servis xizmatlari ko‘rsatilishi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan kelib tushgan murojaatlar o‘z vaqtida o‘rganilib, iste’molchilarning qonuniy huquqlari tiklanishiga erishilmoqda.
Hududlar kesimida misollar:
🟡Buxoro viloyati
Avtomobilning nosozligiga olib kelgan yoqilg‘i uchun iste’molchining 14 mln 400 ming so‘mga yaqin zarari qoplandi
Hududiy boshqarma fuqaroning “Narzulloobod Javohiri” XK yoqilg‘i quyish shoxobchasidan olingan 10 litr AI-95 benzin sababli avtomobilida nosozlik yuzaga kelgani haqidagi murojaatini o‘rgandi. Servis xulosasi asosida hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, avtomobilga yetkazilgan 14,4 mln so‘m zarar iste’molchiga qoplab berilishi ta’minlandi.
🟡Jizzax viloyati
Avtomobildagi nuqsonli motor o‘rniga yangisi o‘rnatildi
Hududiy boshqarma Samarqand viloyati fuqarosining “Jizzax Avto Savdo” MChJdan xarid qilgan “Chevrolet Tracker” Premier Plus avtomobilining motorida nuqson aniqlangani bo‘yicha murojaatini o‘rgandi. Natijada avtosalon tomonidan nuqsonli avtomobil o‘rniga xuddi shu narxdagi yangi avtomobil bilan almashtirib berilishi ta’minlandi.
🟡Qashqadaryo viloyati
Kechiktirib yetkazilgan “Cobalt” avtomashinasi fuqaroga topshirilishi ta’minlandi
Hududiy boshqarma G‘uzor tumani fuqarosining “Favorite-Cars-Service” MChJga 27.01.2025 kuni to‘lov qilganiga qaramay, “Sobalt” avtomobili belgilangan muddatda yetkazilmagani bo‘yicha murojaatini o‘rgandi. Natijada 10 oy kutilgan avtomobil fuqaroga yetkazib berilishi ta’minlandi.
🟡Navoiy viloyati
Fuqaroning ONIX avtomashinasidagi akkumulyator o‘rniga yangisi qo‘yib berildi
Hududiy boshqarma Xatirchi tumani fuqarosining “BILLUR AVTO SAVDO NAVOIY” MChJdan xarid qilingan ONIX avtomobilining old eshik qoplamasida nuqsonlar borligi va akkumulyatori nosoz ekanligi haqidagi murojaatini o‘rgandi. Natijada avtosalon tomonidan nuqsonlar bartaraf etildi va akkumulyator sifatlisiga almashtirilishi ta’minlandi.
🟡Samarqand viloyati
Belgilangan muddatda yetkazilmagan “Sobalt” avtomobili bo‘yicha fuqaro murojaati qanoatlantirildi
Hududiy boshqarma fuqaroning murojaatini o‘rganganida 2025-yil 3-noyabrda “Sobalt” avtomobili uchun to‘liq to‘lov qilingani, biroq avtomobil o‘z vaqtida yetkazilmagani aniqlandi. Natijada avtosalon tomonidan “Sobalt” qisqa muddatda fuqaroga yetkazib berilishi ta’minlandi.
🟡Surxondaryo viloyati
Fuqaroning “Chery” avtotransport vositasidagi nosozlik bo‘yicha murojaati ko‘rib chiqilib, avtomobil to‘liq ta’mirlandi
Hududiy boshqarma Termizlik fuqaroning 173 mln so‘mlik “Chery” avtomobilida qisqa muddatda nosozlik yuzaga kelgani va ta’mirlanmayotgani bo‘yicha murojaatini o‘rgandi. Natijada avtomobil avtosalon tomonidan to‘liq ta’mirlab berildi.
🟡Toshkent viloyati
Fuqaroning “KIA Sonet” avtomobilidagi texnik nosozligi bartaraf etilishi ta’minlandi
Hududiy boshqarma fuqaro murojaatini o‘rganib, kafolatdagi “KIA Sonet” avtomashinasida texnik nosozlik aniqlangani va ta’mirlash uchun 840 ming so‘m talab qilinganini ma’lum qildi. Natijada “Qibray Avto Markaz” MChJ tomonidan avtomashina moyi va filtri to‘liq yangisiga bepul almashtirib berilishi ta’minlandi.
🟡Toshkent shahri
Nuqsonli “Damas-2 D2 Style Plus” avtomobil sifatlisiga almashtirib berildi
Hududiy boshqarma Chinoz tumani fuqarosining “TOSHKENT DEU” MChJdan xarid qilgan avtomobilida nuqsonlar borligi va sifatlisiga almashtirishda muammolar yuzaga kelgani haqidagi murojaatini o‘rgandi. Natijada fuqaroga avtomobil xuddi shu rusumdagi yangisiga almashtirilishi ta’minlandi








