Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalariga reklama, ta’lim, savdo, sug‘urta va kommunal xizmatlari bo‘yicha fuqarolardan tushgan murojaatlar ijobiy yechim topmoqda.
Andijon viloyati Hududiy boshqarmaga Andijon tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro R.A. maishiy chiqindilar o‘z vaqtida olib ketilmayotgani bo‘yicha murojaat qildi. O‘rganishlar natijasida fuqaro va uning ko‘chasidagi barcha xonadonlardan chiqindilar olib ketilishi ta’minlandi hamda “BIO TEX EKO” MCHJga kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirish berildi. Farg‘ona viloyati Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro B.R. “Hamkor Sug‘urta” AJ bilan sug‘urta shartnomasini imzolagan. Keyinchalik kredit to‘lovlari vaqtidan oldin so‘ndirilgani sababli sug‘urta kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomani bekor qilish hamda foydalanilmagan 2 mln so‘mga yaqin sug‘urta mukofotini qaytarib ololmayotgani bo‘yicha hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Mazkur murojaat yuzasidan hududiy boshqarma tomonidan olib borgan o‘rganish ishlari natijasida fuqaroning talablari asosli ekanligi aniqlanib, “Hamkor Sug‘urta” AJ tomonidan fuqaroga foydalanilmagan qolgan sug‘urta mukofoti to‘lab berilishi ta’minlandi. Namangan viloyati Hududiy boshqarma tomonidan Mingbuloq tumanida yashovchi fuqaroning “Sabina Ixlosbek Luks” MCHJ orqali nasiya savdoda texnik xatolik sabab 5 mln so‘m to‘lov uchun yechib olingani, biroq jamiyat tomonidan yarmi ortiqcha to‘langan pul qaytarilmayotgani yuzasidan tushgan murojaat o‘rganib chiqildi va 2 mln 500 ming so‘m mablag‘i qaytarilishi ta’minlandi. Qashqadaryo viloyati Hududiy boshqarmaga Chiroqchi tumanida yashovchi fuqaro A.G. “My teacher” onlayn o‘quv dasturidan qo‘shimcha darslarga ishtirok etishi uchun to‘lovni amalga oshirgan, ammo ayrim sabablarga ko‘ra, o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok eta olmagan va pulini qaytarib olishda muammolar bo‘layotgani haqida murojaatini qoldirgan.
O‘rganishlar natijasida fuqaroning qo‘shimcha darslar uchun to‘lagan 3 mln 600 ming so‘m mablag‘ni to‘liq qaytarilishi ta’minlandi. Sirdaryo viloyati Hududiy boshqarma tomonidan viloyat hududida iste’molchilarga yetkazib berilayotgan ichimlik suvi sifatining iste’molga yaroqliligi yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganishlar davomida ichimlik suvidan olingan namunalarni tekshirish natijasida Yangiyer shahridagi 2 ta MFYda jami 400 ga yaqin fuqarolarga iste’molga yaroqsiz ichimlik suvi yetkazib berilib, umumiy hisobda 22 mln so‘mdan ziyod asossiz mablag‘lar olingani va buning bilan “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun talablari buzilganligi holatlari aniqlandi.
Yuqoridagilarga asosan, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “Sirdaryo suv ta’minoti” AJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, 400ga yaqin iste’molchilardan asossiz olingan 22 mln so‘mdan ortiq mablag‘larni mazkur iste’molchilar bilan qayta hisob-kitob qilish to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi. Xorazm viloyati Hududiy boshqarma tomonidan “muborak_qadirova_official” nomli Instagram profilida litsenziyasiz “Mustafa Travel” firmasi orqali Umra safarlari haqida reklama joylashtirilgani aniqlandi. O‘rganishlarda mazkur firma litsenziyaga ega emasligi va ko‘rsatilgan manzilda faoliyat yuritishga ruxsat berilmagani ma’lum bo‘ldi.
Yuqoridagi holat yuzasidan hududiy boshqarma tomonidan Instagram messenjeridagi “muborak_qadirova_official” nomli profil admini M.Q.ga reklama qonunini buzgani uchun ma’muriy chora ko‘rish yuzasidan tegishli ma’lumotlar sud organlariga yuborildi.








