Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalariga iste’molchilardan moliyaviy, uy-joy va savdo xizmatlari bo‘yicha tushayotgan murojaatlar hal etilib, iste’molchi huquqlari himoya qilinmoqda.
Murojaatlar hududlar kesimida:
🔘Xorazm viloyati
Hududiy boshqarma Bog‘ot tumanda istiqomat qiluvchi fuqaro D.O.ning “Agrobank” ATB tomonidan ajratilgan kredit uchun mukofot pullari ajratilmayotganligidan norozi bo‘lib qilgan murojaati yuzasidan o‘rganish ishlarini o‘tkazdi.
O‘rganishlarda ushbu shartnoma bo‘yicha kredit to‘lovlarini muddatidan yopganiga qaramasdan sug‘urta mukofoti berilmayotganlik holati o‘z tasdig‘ini topdi. Holat yuzasidan tadbirkorlik subyektiga mavjud qonun yuzasidan tushuntirish berilishi natijasida fuqaroning 1 538 000 so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari fuqaro foydasiga qayta hisob-kitob qilib berilishi ta’minlandi.
🔘Qashqadaryo viloyati
Hududiy boshqarmaga Qarshi shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro A.F. tomonidan TBS banki Qarshi shahar filiali faoliyatidan norozilik bildirilib, murojaat yo‘llangan.
O‘rganishlarda aniqlanishicha, fuqaro mobil ilovasi orqali kredit qarzini to‘lash uchun pul to‘lagan, ammo mablag‘ bankning boshqa hisob raqamiga o‘tkazilgan. Muammo esa uzoq vaqt davomida ijobiy yechim topmagan.
Natijada mazkur bank tomonidan fuqaroning 2 000 000 so‘m mablag‘i kredit qarzini to‘lashga yo‘naltirildi.
🔘Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Raqobat qo‘mitasiga Kegayli tumanida yashovchi B.M.ning yo‘llagan kelib tushgan murojaati o‘rganib chiqildi.
Murojaatda fuqaro ko‘p qavatli uydan yangi sotib olgan uyining ichki xonadoni sifatsiz ekanligi sababli uni qayta ta’mirlagani, unga sarflagan mablag‘larini “N.A.” MChJdan undirib ololmayotganidan shikoyat qilgan.
Natijada MChJ tomonidan 6 000 000 so‘m pul fuqaroga qaytarilib berilishi ta’minlandi.
🔘Toshkent viloyati
Hududiy boshqarmasi Ohangaron tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro B.A.ning yuborgan murojaatida Nurafshon shahridagi “Idea” do‘konidan muddatli to‘lov asosida xarid qilgan noutbuk mahsuloti ishlamay, o‘chib qolgani, darhol servis xizmatiga topshirgani, ammo shu kungacha nosozlik bartaraf etilmagani bildirilgan.
O‘rganish natijasida do‘kon tomonidan kafolat muddatida kompyuterdagi nosozlik ta’mirlatib berilishi ta’minlandi.
🔘Navoiy viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro R.I.ning “Uzum market” onlayn savdo platformasi orqali xarid qilgan changyutgich maishiy texnika vositasi nosozligi sababli shartnomani bekor qilib, to‘langan mablag‘larini qaytarish yuzasidan yo‘llagan murojaati ko‘rib chiqildi.
Natijada “Uzum market” MChJ va fuqaro R.I. o‘rtasida tuzilgan shartnoma bekor qilinib, fuqaroga tovar uchun to‘langan 1 mln 174 ming so‘m mablag‘lar qaytarib berilishi ta’minlandi.
🔘Buxoro viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan Buxoroda yashovchi fuqaro R.O.ning “Goodwell servise” MChJdan 252 900 000 so‘mga sotib olgan avtomashinasida nosozlik yuzaga kelgani, bir necha marotaba murojaat qilganiga qaramasdan nuqsonlar bartaraf etib berilmayotganligidan shikoyat qilib, ushbu masalada amaliy yordam so‘ralgan.
O‘rganishlar natijasida murojaatchiga “Haval M6 Comfort CC6477RM10AEComfort” avtomobilning multimedia (monitor) qismi yangisiga almashtirib berilishi ta’minlandi.