Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-dekabrdagi 722-sonli qarorining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan o‘quv seminarlari tashkil etilmoqda.
Mutasaddi davlat organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan mazkur tadbirlarda ustun mavqega ega deb e’tirof etilgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar, tabiiy monopoliya subyektlari, davlat ishtirokidagi korxonalar va tadbirkorlik subyektlari vakillari ishtirok etishmoqda.
O‘quv seminarlarida «Tovarlarga (ishlar, xizmatlarga) tartibga solinadigan narxlarni (tariflarni) shakllantirish, deklaratsiya qilish (tasdiqlash) va belgilash hamda ularning qo‘llanishini davlat tomonidan nazorat qilish, shuningdek, tovar va moliya bozorida sotiladigan tovarlarning (ishlar, xizmatlarning) monopol yuqori va monopol past narxlarini aniqlash tartibi to‘g‘risida»gi nizom yuzasidan soha mutaxassislari tomonidan to‘liq ma’lumot berib o‘tildi.
“Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun va 2023-yil 6-iyuldagi PF–108-son Farmonga muvofiq Vazirlar Mahkamasining “Narxlari davlat tomonidan tartibga solinishi lozim bo‘lgan tovarlar narxlarining (tariflarining) shakllanishi hamda qo‘llanilishini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ishlab chiqilgan.
Qarorda quyidagilar nazarda tutilgan:
1) Tovarlarga (ishlar, xizmatlarga) tartibga solinadigan narxlarni (tariflarni) shakllantirish, deklaratsiya qilish (tasdiqlash) va belgilash hamda ularning qo‘llanishini davlat tomonidan nazorat qilish, shuningdek, tovar va moliya bozorida sotiladigan tovarlarning (ishlar, xizmatlarning) monopol yuqori va monopol past narxlarini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan.
Ushbu nizomda:
- Iste’molchi va yakuniy iste’molchi tushunchalariga aniqlik kiritilmoqda;
– iste’molchi – xo‘jalik yurituvchi subyektdan tovarni oluvchi, tovarga buyurtma beruvchi yoxud tovarni olish yoki unga buyurtma berish niyatida bo‘lgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
– yakuniy iste’molchi – tovar yoki moliya bozorida foyda olish bilan bog‘liq bo‘lmagan ehtiyojlari uchun tovarni sotib olgan jismoniy yoki yuridik shaxs.
- ustun mavqega ega xo‘jalik subyektlari va tabiiy monopoliyalar tovar (ish, xizmat)lari narxlari (tariflari)ni shakllantirish;
– Narx (tarif) ishlab chiqarish va davriy xarajatlar, soliqlar va boshqa to‘lovlar bo‘yicha xarajatlardan hamda sof foyda summasidan shakllanadi.
- monopol yuqori va monopol past narxlarni aniqlash uchun Monopoliyaga qarshi organ tomonidan ma’lumotlarni olish va tahlil qilish;
– Joriy narx (tarif) o‘zgartirilishidan kamida o‘n besh kun oldin e’lon qilishi shart.
- monopol yuqori (narxni oshirish, saqlab qolish yoki pasaytirmaslik, huddi shunday tovardan ancha yuqori narx, birjadagi manipulyatsiya) va monopol past narxni (narxini pasaytirish, narxini saqlab turish va oshirmaslik) aniqlash;
- ustun mavqeni suiiste’mol qilganlik, narxlarini asossiz oshirganlik uchun choralar ko‘rish belgilangan.
2) Davlat tomonidan tartibga solinadigan ijtimoiy ahamiyatli tovarlar (xizmatlar) va ularning strategik turlari ro‘yxati qayta tasdiqlandi.
3) Ushbu qaror bilan 3 ta Hukumat qarori va ularga kiritilgan 16 ta o‘zgartirishlar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilgan.
Mazkur qaror 2024-yil 4-apreldan kuchga kiradi.
Raqobat qo‘mitasining hududiy organlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobat qo’mitasi hamda Qashqadaryo, Jizzax, Sirdaryo, Navoiy, Surxondaryo va Namangan viloyati boshqarmalari tomonidan joylarda o‘tkazilgan tadbirlar orqali ishtirokchilar o‘z faoliyatlari uchun tegishli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishdi.
Bunday o‘quv seminarlari respublikamiz bo‘ylab davom etmoqda.