Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining qarorlari doirasida reklama bozorini tartibga solishda doimiy ravishda tashqi reklama vositalarini joylashtirish tartibiga amal qilinishi yuzasidan o‘rganish va monitoring ishlari olib borilmoqda.
Qashqadaryo viloyati
Hududiy boshqarma hamda viloyat hokimligi hamkorligida tashqi reklama obyektlarining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun talablariga muvofiqligini o‘rganilishi natijasida 30 dan ortiq tadbirkorlik subyektlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilish holatlari aniqlanib, mazkur holatlar bartaraf etildi va tashqi reklama obyektlari ularning egalari tomonidan ixtiyoriy ravishda demontaj qilindi.
Jumladan, “COSMOS SIFATLI TEXNIKA OLAMI”, “ASL YUKSALISH SAVDO”, “LITTLE GLAMOUR QARSHI”, “FORMULA EXPERT SERVICE”, “MUBORAK STORE” va “GARANT GENUINE” MChJlari kabi 15 ga yaqin tadbirkorlik subyektlari tomonidan joylashtirilgan tashqi reklama obyektlari qonun talablariga muvofiqlashtirildi hamda tegishli tartibda egalik huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish uchun arizalar taqdim etildi.
Navoiy viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan Navoiy shahri va Karmana tumanida joylashgan tashqi reklama obyektlarining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun hamda sohaviy me’yoriy-huquqiy hujjatlar talablariga mosligi o‘rganildi.
O‘rganishlar natijasida 50 dan ortiq holatda tashqi reklama obyektlari belgilangan tartibdagi ruxsatnomalarsiz va qonun talablariga zid ravishda o‘rnatilgani aniqlandi.
Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan tadbirkorlik subyektlariga huquqiy tushuntirishlar berildi va ular tomonidan qonunga zid holatlar ixtiyoriy ravishda bartaraf etildi.
Namangan viloyati
Hududiy boshqarma Namangan viloyati va shahar hokimliklari bilan hamkorlikda Namangan shahrining To‘raqo‘rg‘on va Amir Temur ko‘chalaridagi tashqi reklama obyektlarini o‘rganish bo‘yicha ishlarni olib bormoqda.
Monitoring doirasida tadbirkorlar tomonidan o‘rnatilgan banner va peshlavhalar xatlovdan o‘tkazilib, ularning qonuniyligi o‘rganildi.
O‘rganishlar natijasida reklama o‘rnatish tartibiga rioya etilmagan holatlar bartaraf etildi hamda reklamalarning pasportlarini rasmiylashtirish ishlari yo‘lga qo‘yildi.
Shu bilan birga tadbirkorlarga mutaxassislar tomonidan huquqiy tushuntirish va amaliy tavsiyalar berildi.
Jizzax viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan joriy yilning iyul–avgust oylarida 360 ta monitoring o‘tkazilib, 37 ta qonunbuzilish holati aniqlandi. Tadbirkorlarga tushuntirish va ogohlantirishlar berish orqali kamchiliklar bartaraf etildi.
Jumladan, Jizzaxdagi “Dunyo majnuntol” MChJ va YATT Xolmatov Sardorga nisbatan tashqi reklama obyektlarini ruxsatnomasiz o‘rnatgani uchun huquqiy choralar ko‘rilmoqda.
Farg‘ona viloyati
Hududiy boshqarma IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi, viloyat hokimligi huzuridagi Tashqi reklamani muvofiqlashtirish bo‘linmasi bilan hamkorlikda 2025-yil iyul-avgust oylarida Farg‘ona va Marg‘ilon shaharlarida tashqi reklama obyektlari “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun talablariga mosligi monitoring qilindi.
Jumladan, tadbirlar davomida 110 dan ortiq reklama obyekti o‘rganilib, qator qonunbuzilish holatlari: davlat tili talablariga rioya qilinmagani, ruxsatnomalarsiz o‘rnatish hamda harakat xavfsizligiga xavf soluvchi holatlar aniqlanib, tadbirkorlarga tushuntirish va huquqiy ko‘rsatmalar berildi.
Buxoro viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida viloyatda faoliyat yuritayotgan “BUXARA MEGA MARKET” MChJ hamda “MUSTAHKAM QURILISH DEVELOPMENT” MChJ Q/K tomonidan o‘rnatilgan tashqi reklama obyekti (konstruksiyasi)da reklama joyining pasporti mavjud bo‘lmaganligi aniqlandi.
Ushbu tadbirkorlik subyektlariga nisbatan “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun talablari buzilganligi alomatlari bilan maxsus komissiya tomonidan ish qo‘zg‘atilib, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.