Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari ishchi guruhi tomonidan tashqi yozuvlar va reklama obyektlarining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq o‘rnatilganligi holati o‘rganilmoqda. “Reklama to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilganligi aniqlangan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan ishlar qo‘zg‘atiladi, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilib, moliyaviy jarimalar ham qo‘llanib boriladi.
O‘rganishlar hududlar kesimida
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobat qo‘mitasi “ISLAM TEXNO MIR” MCHJda tashqi reklama qoidalariga rioya etilishi yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi. O‘rganish natijasida jamiyat tomonidan 1 kv.m va undan oshgan reklamalar pasportsiz joylashtirilgani aniqlandi. Bu holat rasmiy dalolatnoma bilan tasdiqlanib, Vazirlar Mahkamasining 225-sonli qaroriga asosan ish qo‘zg‘atildi.
Natijada, “ISLAM TEXNO MIR” MCHJga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llash bo‘yicha Nukus tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo ariza kiritilib, ariza qanoatlantirildi. Surxondaryo viloyati Hududiy boshqarma tomonidan Oltinsoy tumanida “Reklama to‘g‘risida”gi qonunchilik talablarini o‘rganish jarayonida, fuqaro S.E. tomonidan tashkil etilgan «IYMONA TRAVEL DENOV» nomli telegram guruhida “UMRA HAJ” safari bo‘yicha noqonuniy reklama tarqatilgani aniqlandi. Qonunbuzilish holati yuzasidan fuqaroga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llanildi.
Toshkent viloyati Hududiy boshqarma Toshkent viloyati hokimligi taqdim etgan ma’lumotga asosan “GEPARD AVTO OIL”, “GOOD-GAZ”, “STAR OIL” va “ANGREN SOKIN” MCHJlari tomonidan noqonuniy o‘rnatilgan tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) bo‘yicha olib borgan o‘rganishlarida “Reklama to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilganligi aniqlandi va mazkur tadbirkorlik subyektlariga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, moliyaviy jarimalar qo‘llanildi.
Shuningdek, “GREEN HILLS PREMIUM” MCHJ tomonidan Booking,com xalqaro onlayn bronlash tizimida tasdiqlanmagan holda “yulduz”ni qo‘yish orqali reklama qo‘ygani ma’lum bo‘ldi. Korxonaga qonunbuzilishni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma berilib, moliyaviy jarima solindi.
Сирдарё вилояти
Ҳудудий бошқарма томонидан Ховос туманида “Давлат тили ҳақида” ва “Реклама тўғрисида”ги Қонунлар ижросини таъминлаш мақсадида олиб борилган назорат тадбирлари давомида Чаманзор, Бунёдкор, Тинчлик ва Дўстлик маҳаллаларидаги 30 дан ортиқ ноқонуний, эскирган ҳамда ахлоқ нормаларига зид реклама объектлари аниқланиб, бартараф этилди.
Самарқанд вилояти
Ҳудудий бошқарма томонидан вилоятда фаолият юритувчи хўжалик юритувчи субъектларнинг реклама тарқатиш фаолияти доимий назорат қилиб борилмоқда.
Ўрганишлар давомида Самарқанд вилояти Иштихон туманидаги “Stom Alishon”, “Charisma Dental”, “Doktor Samariddin” ва “North Star Ishtixon” MЧЖлар томонидан белгиланган тартибда паспорт расмийлаштирмасдан ташқи реклама ўрнатилгани аниқланди.
Мазкур ҳолатлар махсус комиссия томонидан кўриб чиқилиб, қонунбузар субъектларга нисбатан белгиланган тартибда таъсир чоралари қўлланилди.
Шунингдек, ноқонуний рекламаларни бартараф этиш ва келгусида қонун бузилишига йўл қўймаслик бўйича кўрсатмалар берилди.