Raqobat qo‘mitasi tomonidan umumiy 9,1 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzarlik holatlari aniqlanib, tegishli choralar ko‘rildi
Misollar hududlar kesimida:
🔘Qashqadaryo viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan Qarshi davlat universiteti buyurtmachiligida 250 mln so‘mga yaqin tanlov savdosida olib borilgan o‘rganishlarda baholash jarayonida noxolislikka yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. Xususan, xarid komissiyasi ishtirokchilar taqdim etgan hujjatlarni noto‘g‘ri baholab, mavjud qonun talablariga zid ravishda amalga oshirilgani ma’lum bo‘ldi.
Maxsus komissiya tomonidan ish qo‘zg‘atilib, tegishli ko‘rsatma berildi. Shuningdek, mansabdor shaxslarga ma’muriy chora ko‘rish yuzasidan tegishli ma’lumotlar sud organlariga yuborildi.
🔘Navoiy viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan o‘rganishlarda O‘zbekiston Respublikasi Mahallalar uyushmasining Navbahor tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan 90 mln so‘mga yaqin bo‘lgan 7 ta tanlov (tender) savdolarining barchasida qonunbuzilish holatlari mavjudligi ma’lum bo‘lgan.
Maxsus komissiya tomonidan mazkur uyushmaning Navbahor tuman bo‘limiga belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atildi va bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi. Shuningdek, mansabdor shaxslarga ma’muriy chora ko‘rish yuzasidan tegishli ma’lumotlar sud organlariga yuborildi.
🔘Namangan viloyat
Hududiy boshqarma tomonidan Pop Muruvvat erkaklar uchun internat uyi buyurtmachiligida 2024-yilda amalga oshirilgan davlat xaridlari bo‘yicha o‘rganish va tahlillar olib borildi.
Xususan, mazkur internat uyi 2 ta lot bo‘yicha boshlang‘ich narxi 3.5 mln so‘mlik tovar, ish va xizmatlar sotib olish bo‘yicha amalga oshirilgan davlat xaridlarida, qonunchilikda belgilangan tartibini buzish holatlari aniqlandi.
Shuningdek, Pop Muruvvat erkaklar uchun internat uyiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni talablari buzilishi bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi hamda boshqarma tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
🔘Jizzax viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan Forish tumani hokimligi tomonidan “Maishiy texnika xarid qilish” bo‘yicha o‘tkazilgan boshlang‘ich narxi 72 mln so‘mga yaqin tanlov savdoci yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazilganda qonun talablari buzilganligi aniqlangan.
Natijada Maxsus komissiya qonunbuzilish holatlari yuzasidan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atib, ularni bartaraf qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
🔘Farg‘ona viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan “Qamchiqavtoyo‘l” ixtisoslashtirilgan yo‘llardan foydalanish korxonasi tomonidan boshlang‘ich narxi 900 mln so‘m bo‘lgan “Avtomobil yo‘llarida qishda sirpanishga qarshi qum mahsulotlari sotib olish” uchun o‘tkazilgan eng yaxshi takliflarni tanlash savdosi bo‘yicha o‘rganish ishlari o‘tkazilganda, unda o‘zaro affillangan “Sand and Gravel Wholesale” MChJ va “Bus Park and Trading” MChJ talabgor sifatida tijorat takliflarini topshirganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Maxsus komissiya ikkala MChJlarga nisbatan ish qo‘zg‘atib, qonunbuzilish holatlarini to‘xtatish hamda kelgusi yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilish majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berdi.
🔘Buxoro viloyati
Hududiy boshqarma “Buxoro neftni qayta ishlash zavodi” MChJ tomonidan boshlang‘ich narxi 500 mln so‘mlik o‘tkazilgan tanlov (tender) savdosining qonun talablariga mosligi yuzasidan o‘rganish ishlarini olib bordi.
O‘rganishlarda mazkur amalga oshirilgan davlat xaridida “Etender. uzex. uz axborot portalida tanlash hujjatlarida takliflarni baholash mezonlari joylashtirilmagani hamda xarid komissiyasi tomonidan ishtirokchilarning takliflarini texnik qismi baholash mezonlarisiz baholanganligi ma’lum bo‘ldi.
Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, Maxsus komissiya tomonidan mazkur MChJga belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, tegishli ko‘rsatma berildi.
🔘Toshkent shahar misolida
Hududiy boshqarma tomonidan “O‘zbekiston Milliy Elektr Tarmoqlari” AJ tomonidan boshlang‘ich narxi 7,3 mlrd so‘mlik tanlov savdosi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasi talablariga zid ravishda o‘tkazilgani aniqlandi.
Aniqlangan qonunbuzilish holati bo‘yicha buyurtmachiga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, tegishli ko‘rsatma berildi.