Raqobat qo‘mitasiga sug‘urta xizmatlari sohasida kelib tushgan murojaatlarda asosan sug‘urta to‘lovlarining o‘z vaqtida amalga oshirilmasligi, foydalanilmagan sug‘urta mukofotlarining qaytarilmasligi, shuningdek, banklar tomonidan kredit ajratishda muayyan sug‘urta tashkilotini tanlashga majburlash holatlari bildirilgan.
Qo‘mita tomonidan murojaatlar qonunchilik talablari asosida atroflicha o‘rganilib, aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va fuqarolar huquqlarini tiklash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Hududlar kesimida o‘rganilgan murojaatlar:
🔘Qashqadaryo viloyati
Hududiy boshqarmaga Ko‘kdala tumani fuqarosi M.B. “Inpex Insurance” sug‘urta kompaniyasi faoliyatidan norozilik bildirib murojaat qilgan. O‘rganishlar natijasida, baxtsiz hodisa oqibatida avtomashinaga yetkazilgan zarar uchun kompaniya tomonidan fuqaroga 9 200 000 so‘m sug‘urta puli to‘lab berilishi ta’minlandi.
🔘Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Qo‘mitaga “Abdulla Xojaniyaz” OK tomonidan “Agrobank” ATB To‘rtko‘l filialidan kredit olishda faqat “MY INSURANCE” AJ bilan sug‘urta shartnomasi tuzish majburiy etib belgilangani, boshqa sug‘urta tashkilotini tanlash imkoni yo‘qligi bo‘yicha murojaat kelib tushgan.
O‘rganish jarayonida “Agrobank” ATB To‘rtko‘l filiali so‘ralgan ma’lumotlarni to‘liq taqdim etmagani aniqlangan. Natijada bank tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 32-moddasi buzilgan deb topilib, qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish hamda kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.
Shuningdek, axborotni taqdim etmaganlik sababli Qonunning 42-moddasiga muvofiq, mazkur ATB ga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llanilgan.
🔘Navoiy viloyati
Hududiy boshqarmaga Karmana tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro J.S. “Oʻzmilliybank” AJ Navoiy viloyat filialidan kredit olib, “Alfa invest” AJ bilan sug‘urta shartnomasi tuzgan va 1,7 mln so‘m to‘lov qilgan. Kredit muddatidan oldin to‘langani sababli sug‘urta to‘lovining foydalanilmagan qismini qaytarish bo‘yicha murojaati o‘rganildi.
Natijada foydalanilmagan qism uchun 1,22 mln so‘m aniqlanib, mazkur mablag‘lar “Alfa invest” AJ tomonidan fuqaro J.S.ga to‘liq qaytarib berildi ta’minlandi.
🔘Jizzax viloyati
Hududiy boshqarma Jizzax shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro O.I. “MY INSURANCE” AJ faoliyatidan norozi bildirib qoldirgan murojaatida “Asaka bank” AJdan olgan 60 mln so‘mlik mikroqarzini 3 mln so‘mga sug‘urta qildirgani, kreditni muddatidan oldin yopganiga qaramasdan sug‘urta mukofoti qaytarilmaganligini bildirgan.
O‘rganish natijasida mazkur AJ tomonidan 2,1 mln so‘m miqdoridagi foydalanilmagan sug‘urta mukofoti fuqaroning bank kartasiga to‘lab berilishi ta’minlandi.
🔘Farg‘ona viloyati
Hududiy boshqarmaga Toshloq tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Q.Q. ish joyida rasman sug‘urta qilingan bo‘lishiga qaramasdan, ishlab chiqarishda olgan jarohati uchun “Apeks” sug‘urta kompaniyasi tomonidan to‘lov amalga oshirilmaganidan norozi bo‘lib murojaat qilgan.
O‘rganish natijasida sug‘urta hodisasi mavjudligi tasdiqlanib, “Apeks” sug‘urta kompaniyasi tomonidan fuqaro Q.Q.ga 1 mln so‘m sug‘urta badali to‘lab berilishi ta’minlandi.
🔘Buxoro viloyati
Hududiy boshqarma fuqaro F. Jumayev tomonidan “Murojaat.gov.uz” (https://t.me/RaqobatGovUz) orqali bank krediti muddatidan oldin to‘langaniga qaramasdan, “Global Insurans Group” AJ sug‘urta shartnomasini bekor qilmay, foydalanilmagan sug‘urta mukofotini qaytarmayotgani haqidagi murojaatini o‘rganib chiqdi.
Natijada qonunchilikka muvofiq sug‘urta shartnomasi muddatidan avval bekor qilinib, foydalanilmagan sug‘urta mukofoti fuqaroga qaytarilishi ta’minlandi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasiga asosan sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.








