Raqobat qo‘mitasi tomonidan respublikaning hududlar kesimida aloqa xizmatlari sohasida iste’molchilardan kelib tushayotgan murojaatlar doimiy ravishda o‘rganilib, ularning huquqlari himoya qilinmoqda.
Jumladan,
🔘Andijon viloyati misolida Fuqaro K.A. Andijon shahridagi yashash manzilida “UZONLINE” provayderining “GPON” internet xizmatidan foydalanadi. Internet “INNBOX G74” routeri orqali ulangan bo‘lib, unda 70 Mbit/s tezlikda ishlashi kerakligi aytilib berilgan. Biroq, amalda ushbu tezlikka erishilmagan. Kompaniya xodimlari bilan bog‘lanilganda, faqat 110 Mbit/s (165 000 so‘m) tarifga o‘tilsa tezlik oshishi mumkinligi aytilgan. K.A. 8 oy davomida ushbu tarifdan foydalangan, ammo internet tezligida yaxshilanish kuzatilmagan. Shu bois, u routerni sifatlisiga almashtirishda amaliy yordam so‘rab hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Murojaat boshqarma tomonidan o‘rganilib, “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun asosida internet tezligi me’yorga keltirildi va iste’molchining roziligi bilan “Uztelecom” tomonidan “GRON” rusumli yangi router o‘rnatilib, murojaat ijobiy hal etildi.
🔘Buxoro viloyati misolida Fuqaro Sh.M Beeline (Unitel MCHJ) kompaniyasi telefon raqamidan ortiqcha mablag‘ yechib olayotganidan norozilik bildirib hududiy boshqarmaga murojaat qilgan. Hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan sa’y-harakatlari natijasida, abonentga tarif rejasiga muvofiq SMS, GB va daqiqalar to‘liq hajmda taqdim etilishi ta’minlandi.
🔘Farg‘ona viloyati misolida Fuqaro B. S “Ucell” mobil aloqa kompaniyasi raqamidan 12 yil mobaynida foydalanib kelgan. Biroq, kompaniya tomonidan “6 oy davomida to‘lov amalga oshirilmagan” degan asosda raqam faoliyatdan chiqarilgan. Fuqaro esa barcha to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirganini bildirib, raqamni tiklash bo‘yicha kompaniyaga murojaat qilgan. Ammo unga raqamni faqat 75% chegirma bilan qayta sotib olish taklifi berilgan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro murojaati hududiy boshqarmaga kelib tushgan va olib borilgan amaliy ishlar natijasida raqam fuqaroga to‘liq tiklab berildi.
🔘Jizzax viloyati misolida Fuqaro F.G. Beeline mobil aloqa operatoriga oylik to‘lovdan tashqari qo‘shimcha hisob to‘ldirgan bo‘lsa-da, mablag‘lar hisobga tushmagani va oylik limit ajratilmaganidan norozilik bildirib, to‘langan pullarni qayta hisob-kitob qilishda hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan murojaat o‘rganilib, fuqaroning 55 800 so‘m mablag‘i abonent hisobiga to‘liq o‘tkazilishi ta’minlandi.
🔘Namangan viloyati misolida Fuqaro R.N. “Beeline” aloqa kompaniyasi abonenti sifatida oylik to‘lovlarni amalga oshirgan bo‘lsa-da, to‘lovlar oldingi oy qarziga yo‘naltirilib, yangi oy uchun tarif limitlari ajratilmaganidan norozilik bildirib, hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan ishlar natijasida, fuqaroning to‘lovlari tarif rejasi asosida qayta hisoblanib, yangi oy uchun limitlar ajratilishi ta’minlandi.
🔘Navoiy viloyati misolida Fuqaro A.A. Ucell raqamini Uzmobile tarmog‘iga o‘tkazish maqsadida “Uztelekom” AK ofisiga murojaat qilib, 110 000 so‘m to‘lov amalga oshirgan, ammo xizmat ko‘rsatilmagan va to‘lov qaytarilmagan.
Mazkur murojaat Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan ko‘rib chiqilib, “Uzbektelekom” AK G‘arbiy filialiga tegishli ko‘rsatma xati yuborildi. Natijada, fuqaroga ko‘rsatilmagan xizmat uchun to‘langan 110 000 so‘m mablag‘ to‘liq qaytarilishi ta’minlandi.