Raqobat qo‘mitasi tomonidan respublika bo‘ylab moliyaviy va kommunal sohadagi xizmatlar bo‘yicha iste’molchilardan kelib tushayotgan murojaatlar doimiy ravishda o‘rganilib, ularning huquqlari himoya qilinmoqda.
Jumladan,
🔘Qashqadaryo viloyati
Hududiy boshqarmaga Shahrisabz shahrida yashovchi fuqaro X.M.ning “My teacher” onlayn o‘quv dasturi faoliyatidan norozi bo‘lib murojaat yo‘lladi. Olib borilgan ishlar natijasida X.M. o‘quv dasturidan ingliz tili fani bo‘yicha qo‘shimcha darslarga ishtirok etishi uchun 3 600 000 so‘m to‘lov qilgan, ammo ayrim sabablarga ko‘ra o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok eta olmagan. Markaz ma’muriyatiga qilingan murojaatidan natija bo‘lmagan.
O‘rganish ishlari yakunida fuqaro X.M. ga o‘quv dasturi uchun to‘lagan 3 600 000 so‘m mablag‘ to‘liq qaytarilishi ta’minlandi.
🔘Jizzax viloyati
Hududiy boshqarmaga Yakkabog‘ tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro J.M. Jizzax viloyatiga safari davrida yuzaga kelgan noqulaylikdan norozi bo‘lib murojaat qildi.
Murojaatda fuqaro Jizzax shahri Xayrobod MFY hududidagi bankomatdan naqd pul yechib olish jarayonida fuqaroning bank plastik kartasidan pul yechib olingan, ammo naqd pul chiqarib berilmagani, mazkur pul mablag‘larining qaytarilishida amaliy yordam so‘ragan.
O‘rganish natijasida AT “Xalq banki” viloyat filiali tomonidan bankomatda yechilgan 1 mln 515 ming so‘m pul mablag‘lari fuqaroning bank plastik kartasiga qaytarilishi ta’minlandi.
🔘Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Raqobat qo‘mitasiga Taxiatosh tumanida istiqomat qiluvchi D.B.ning yo‘llagan murojaatida yangidan olgan avtomashinasiga “A.G.” MChJ tomonidan texnik ko‘rikdan o‘tkazish uchun ortiqcha haq to‘laganini bildirgan va mazkur mablag‘larni olishda amaliy yordam so‘ragan.
Muammo yuzasidan olib borilgan o‘rganish natijasida “A.G.” MChJ tomonidan hisoblangan 200 000 so‘m pul fuqaroga qaytarilib berilishi ta’minlandi.
🔘Sirdaryo viloyati
Hududiy boshqarmaga Sirdaryo tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro J.N.ning murojaati kelib tushdi.
Murojaatda “Sirdaryo suv ta’minoti” AJ Sirdaryo tuman bo‘limi tomonidan fuqaroga nisbatan ichimlik suvidan asossiz ravishda 2,5 mln so‘mga yaqin qarzdorlik hisoblangani ma’lum qilinib, ushbu qarzdorlikni qonun doirasida qayta ko‘rib chiqilishida amaliy yordam berilishi so‘ralgan.
O‘rganish natijasida mazkur jamiyat tomonidan iste’molchiga nisbatan hisoblangan noreal qarzdorlik xatlov yo‘li bilan dasturdan olib tashlanib, iste’molchining buzilgan huquqlari tiklanishi ta’minlandi.
🔘Farg‘ona viloyati
Hududiy boshqarma Oltiariq tumani “Tegirmonboshi” MFY hududdagi ichimlik suvi ta’minoti bilan bog‘liq muammo yuzasidan tushgan murojaati o‘rganib chiqildi.
O‘rganishlar natijasida, “Farg‘ona suv ta’minoti” AJ tomonidan hududdagi elektr shit qismlari ajratilib, filial mutaxassislari tomonidan texnik jihozlarga yangilanib, tarmoqdagi nasos to‘liq ishchi holatga keltirildi va aholiga ichimlik suvi yetkazib berilishi ta’minlandi.







