Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan savdo, issiqlik va elektr energiya sohasida tushayotgan murojaatlar ijobiy yechim topmoqda.
O‘rganishlar hududlar kesimida:
Samarqand viloyati
Fuqaro M.Y Samarqand — Istanbul aviaqatnovi uchun “Maroqand Avia” turizm agentligi orqali 1 million 552 ming so‘mlik chipta sotib olgan. Biroq ma’lum sabablarga ko‘ra, safar amalga oshirilmagan va fuqaro chipta mablag‘ini qaytarib olishda muammoga duch kelgan va hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan ishlar natijada, “Maroqand Avia” tur agentligi orqali chipta uchun to‘langan pul mablag‘lari iste’molchiga to‘liq qaytarib berilishi ta’minlandi.
Namangan viloyati
Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi fuqaro A.D tomonidan Namangan viloyati Pop tumanida faoliyat yuritayotgan “FAYZ SOHOVAT” MChJga qarashli AYOQShdan 350 ming so‘mga AI92 markali benzin mahsulotini sotib olganligini, biroq AYOQSh xodimlari tomonidan fuqaro plastik kartasidan 350 ming so‘mdan 2 marotaba, ya’ni 700 ming so‘m mablag‘ yechib olinganligidan norozi bo‘lib, mahsulot uchun ortiqcha yechib olingan 350 ming so‘m mablag‘ini qaytarib olinishida amaliy yordam so‘rab qilgan murojaati hududiy boshqarma tomonidan o‘rganib chiqildi.
Olib borilgan o‘rganishlar natijasida, tadbirkor tomonidan benzin mahsuloti uchun ortiqcha yechib olingan pul mablag‘ni fuqaroning plastik kartasiga to‘liq qaytarilishi ta’minlandi.
Buxoro viloyati
Buxoro viloyatida yashovchi fuqaro istiqomat qilayotgan uyda “Issiqlik Manbai” DUK bilan shartnomaga asosan oyma-oy to‘lovlar to‘lab kelinayotgan bo‘lsada, korxona tomonidan asossiz qarzdorlik hisoblanayotganligidan norozi bo‘lib, hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan hududiy boshqarma tomonidan murojaatchiga asossiz hisoblangan 1 379 436 so‘m qarzdorlik qayta hisob-kitob, qilinib qarzdorlik chegirilib berilishi ta’minlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobat qo‘mitasiga Ellikqal’a tumanida faoliyat yuritayotgan “Bobojonova Aziza” va “Madraimova Sayyora” YATTlarga “Energosavdo” Ellikqal’a tumani bo‘linmasi tomonidan yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlar yuzasidan hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Murojaatlarni o‘rganish davomida, YATTlarning noreal qarzdorligi bartaraf etilib, elektr ta’minoti tizimiga qaytadan ulanishi ta’minlandi.