Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan savdo, transport va elektr energiya sohasida tushayotgan murojaatlar ijobiy yechim topmoqda.
Xorazm viloyati
Urganch shaharda istiqomat qiluvchi fuqaro xonadoniga suv kulerini 1 mln so‘mga xarid qilganligi, ammo mahsulotni xonadoniga olib borganida nosozliklar aniqlanganligidan norozi bo‘lib hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Mazkur murojaat yuzasidan hududiy boshqarma tomonidan o‘rganilib, xarid qilingan mahsulot yangisiga almashtirib berilishi ta’minlandi.
Qashqadaryo viloyati
Kasbi tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Y.Sh. tumandagi “IDEA” savdo do‘konidan 5 500 000 so‘mga kredit asosida MyTech 43s Webos rusumli televizor xarid qilgan, ammo ma’lum vaqtdan so‘ng, xarid qilingan texnikadan foydalanish jarayonida undan shovqinli ovozlar kelayotganligini ma’lum qilib, texnika vositasini qaytarish maqsadida do‘kon rahbariyatiga murojaat qilgan bo‘lsada, muammo ijobiy hal etilmadi. Shundan so‘ng sifatsiz mahsulotdan norozi bo‘lib hududiy boshqarmaga murojaat yo‘llagan.
O‘rganish ishlari natijasida, «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonuniga asosan televizor korxona tomonidan tekshirilib, nosozlik aniqlanganligi sababli iste’molchining murojaati qanoatlantirildi hamda texnika vositasi qaytarilib, shartnoma bekor qilindi.
Andijon viloyati
Andijon shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro A.G. tomonidan “Uzum Market”dan 165 000 so‘m miqdoridagi ayollar poyabzalini olgan, biroq mahsulot yetib kelgach ushbu mahsulotning o‘lchami aynan buyurtma berganidek emasligi sababli mahsulot qaytarib yuborilganligi hamda to‘langan pul mablag‘larini qaytarish yuzasidan hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Mazkur murojaat yuzasidan hududiy boshqarma tomonidan o‘rganilib, xarid qilingan 165 000 so‘m miqdoridagi pul mablag‘i iste’molchiga qaytarib berilishi ta’minlandi.
Sirdaryo viloyati
Guliston shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro “Uzum Market” ilovasi orqali “noutbuk” (kompyuter qurilmasi) xarid qilganligini, biroq mahsulot nosoz bo‘lib chiqqanligi tufayli, nosozlikni bartaraf etib berilishi yuzasidan hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Murojaat yuzasidan hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan ishlar natijasida “Shaffof Moliya” MChJ tomonidan mahsulotdagi nuqson bartaraf etib berilishi ta’minlandi.
Toshkent shahar
M.Ulug‘bek tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Sh.N “SMARTHOME LOGISTICC” MChJga qarashli “Leapmotor Bodomzor” avtosalonidan “Leapmotor C16” rusumdagi avtomobil xarid qilganligi, avtomobilda ishlab chiqaruvchi tomonidan nuqson aniqlanganligi, ushbu holat yuzasidan jamiyatga murojaat qilganligi, biroq hech qanday natija bo‘lmaganligini ta’kidlab, hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan o‘rganish ishlari natijasida, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun talablariga asosan, fuqaroga “SMARTHOME LOGISTICC” MChJga qarashli “Leapmotor Bodomzor” avtosaloni tomonidan nuqsonli avtomobil uchun to‘langan pul mablag‘lari qaytarib berildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobat qo‘mitasiga Ellikqal’a tumanida faoliyat yuritayotgan “Bobojonova Aziza” va “Madraimova Sayyora” YATTlarga “Energosavdo” Ellikqal’a tumani bo‘linmasi tomonidan yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlar yuzasidan hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Murojaatlarni o‘rganish davomida, YATTlarning noreal qarzdorligi bartaraf etilib, elektr ta’minoti tizimiga qaytadan ulanishi ta’minlandi.