Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan savdo, ish va xizmatlar sohasida tushayotgan murojaatlar ijobiy yechim topmoqda.
O‘rganishlar hududlar kesimida:
Navoiy viloyati. Sayt xostingidagi muammo hal etildi va mablag‘ qayta hisob-kitob qilindi
Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro A.R. o‘z nomiga ochilgan geografiya. uz sayti uchun 10-yildan buyon UZINFOCOM kompaniyasi bilan shartnoma asosida hamkorlik qilib kelayotgan edi. Joriy yil may oyida xosting xizmati uchun 300 ming so‘m to‘langan bo‘lsa-da, sayt ishlamay qolgan va muammo bartaraf etilmagan.
Fuqaro Raqobat qo‘mitasining “Ishonch telefoni”ga murojaat qilganidan so‘ng, holat Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi mutaxassislari tomonidan o‘rganildi. Tekshiruv natijasida saytdagi muammo bartaraf etildi va to‘langan mablag‘ qayta hisob-kitob qilindi.
Andijon viloyati. Sifatsiz poyabzalning puli qaytarildi
Hududiy boshqarma Andijon shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro I.YE.ning murojaatini o‘rganib chiqqanida xarid qilingan poyabzalda nuqson borligi, ammo shunga qaramay do‘kon tomonidan unga puli qaytarilmayotganligi aniqlangan. Natijada “UZUM MARKET” MChJga qarashli do‘kon tomonidan sifatsiz oyoq kiyim uchun to‘langan 115 000 so‘m pul mablag‘i qaytarilishi ta’minlandi.
Farg‘ona viloyati. Ko‘rsatilmagan xizmatga to‘langan mablag‘ fuqaroga qaytarildi
Hududiy boshqarmaga Farg‘ona shahrida yashovchi fuqaro YA.T. murojaat qilib, “Casl Fit” fitnes klubiga a’zolik uchun 400 ming so‘m to‘lagan, lekin ba’zi sabablarga ko‘ra mashg‘ulotlarda qatnasha olmay qolgani, fitnes klubi esa pullarini qaytarmaganini bildirgan.
O‘rganish natijalariga ko‘ra ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun to‘langan pul mablag‘lari fuqaroga qaytarilishi ta’minlandi.
Toshkent shahar. Sifatsiz idish-tovoqlar uchun 14,9 mln so‘m qaytarildi
Hududiy boshqarma tomonidan fuqaro N.X.ning qoldirgan murojaatida “Repas-Alliance” MChJdan idish-tovoqlar to‘plamini xarid qilgani, biroq ushbu tovarlar sifati qoniqarsiz bo‘lganligidan e’tiroz bildirilgan.
O‘rganish ishlari natijasida fuqaroga “Repas-Alliance” MChJ tomonidan sifatsiz tovar uchun to‘langan 14 900 000 so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari qaytarib berilishi ta’minlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi. Nosoz muzlatgich uchun to‘langan 5 million so‘m qaytarildi
Raqobat qo‘mitasiga Xorazm viloyatida istiqomat qiluvchi M.R.ning yo‘llagan murojaati kelib tushdi. Murojaatda To‘rtko‘l tumanida joylashgan “LIDER” do‘konidan ZIFLER rusumli 409 litrli xarid qilgan muzlatkichi nosoz bo‘lib chiqqanligidan norozi bo‘lib, yangisiga almashtirib berilishida amaliy yordam berishni so‘ragan.
Qo‘mita tomonidan murojaat o‘rganilishi natijasida “LIDER” do‘koni tomonidan fuqaro bilan tuzilgan shartnoma bekor qilinib, fuqaroning 5 000 000 so‘m mablag‘i qaytarilishi ta’minlandi.