Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi rais maslahatchisi Otabek Usmanov AOKAda o‘tkazilgan brifingda insofsiz raqobat amaliyotlari va davlat xaridlari sohasida nazoratni ta’minlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berib o‘tdi.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan insofsiz raqobat amaliyotlari va davlat xaridlari sohasida nazoratni taʼminlash, til biriktirishlar va kartel kelishuvlarga qarshi kurashish sohasida ham ko‘plab ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, ushbu yo‘nalishda qo‘mita hamda uning hududiy organlari tomonidan doimiy ravishda davlat buyurtmachilari tomonidan o‘tkazilayotgan davlat xaridlarida raqobat to‘g‘risidagi hamda davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan belgilangan tartibda nazorat va tahlil ishlari amalga oshirib kelinmoqda.
Dastlabki maʼlumotlarga asosan Qo‘mita tomonidan joriy yilning 8 oylik davrida davlat buyurtmachilari tomonidan o‘tkazilgan 29 098 ta tanlov (tender) savdolarida tahlil ishlari olib borildi. Tahlil natijasida buyurtmachilar tomonidan 8 964 ta savdolar jarayonida 12 826 ta raqobatga zid harakatlar aniqlangan.
Davlat buyurtmachilari tomonidan joriy yilning 8 oylik davrida davlat xaridlari elektron tizimlari (xarid.uzex.uz, xt-xarid.uz, tender.mc.uz) orqali amalga oshirilgan savdolarning 18 433 tasi qo‘mita tomonidan tahlil qilindi. O‘rganilgan tanlov (tender) savdolarini tahlili natijasida buyurtmachilar tomonidan 1 540 ta savdolar jarayonida 1 641 ta raqobatga zid holatlar aniqlangan.
Qo‘mita va hududiy boshqarmalarga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan davlat xaridlari sohasida 232 ta murojaatlar kelib tushgan. Ushbu murojaatlar asosida o‘tkazilgan tahlil natijasida 161 ta tanlov (tender) savdolarida 275 ta raqobatga zid holatlar aniqlangan.
Bundan tashqari, Qo‘mita mutaxassislari tomonidan huquq tartibot organlari va Hisob palatasi bilan hamkorlikda 10 433 ta xaridlar o‘rganilgan. O‘rganishlar natijasida 7 263 ta savdolarda 10 910 ta raqobatga zid holatlar aniqlangan.
Qonunbuzilishlarining 72,7% savdolar o‘tkazishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibini buzish (baholash mezonlarini belgilamaslik, affillangalik to‘g‘risidagi maʼlumotlarni oshkor etmaslik, noto‘g‘ri baholash, murojaatchilarga tushuntirish bermaslik, savdo natijalarini oshkor etmaslik, shartnoma tuzishni rad etish, affillanganlikni aniqlamaslik, manfaatlar to‘qnashuvini oldini olmaslik) bilan bog‘liq bo‘lsa, 27,3% da til biriktirish orqali kelishib olingan, muvofiqlashtirilgan harakatlar (ishtirokchilarni asossiz ravishda chetlashtirish, ayrim ishtirokchilarga imtiyozli shart-sharoitlar yaratib berish, xaddan ziyod yuqori texnik talablar belgilash, yetkazib berish muddatlarini qisqa belgilash, lotlar tarkibiga savdolarning predmetiga texnologik va funksional jihatdan bog‘liq bo‘lmagan qo‘shimcha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) kiritish) alomatlari aniqlangan.
Misol uchun,
- Rossiya eksport-import bankining kreditlari hisobidan “Toshkent metropoliteni” DUK tomonidan boshlang‘ich qiymati 8,2 mln AQSH dollarga teng bo‘lgan mikroprotsessor uskunalarini xarid qilish uchun o‘tkazilgan tender hujjatlarida asossiz ravishda raqobatni cheklashga olib keladigan talablar kiritilgan. Tender savdolari natijasida qabul qilingan qaror va shartnoma Qo‘mitaning ko‘rsatmasiga asosan buyurtmachi tomonidan bekor qilinib, tender savdolari takroran o‘tkazilgan.
- “O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” UK tomonidan boshlang‘ich qiymati 4,8 mln AQSH dollarga telekommunikatsiya tarmoqlarini integratsiyalashgan avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini yaratish bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov savdolari jarayonida buyurtmachi tomonidan ayrim ishtirokchilarga tanlovda qatnashish uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratib berganligi aniqlangan. Bunda ishtirokchi tomonidan taqdim qilingan hujjatlar buyurtmachining talablariga mos kelmasada g‘olib deb eʼtirof etilgan. Tanlov natijasida qabul qilingan qaror va shartnoma Qo‘mitaning ko‘rsatmasiga asosan buyurtmachi tomonidan bekor qilinib, tender savdolari takroran o‘tkazilgan.
- O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan boshlang‘ich qiymati 23,6 mlrd so‘mga “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida fizioterapiya xizmatini tiklash uchun tibbiy asbob-uskunalarni (Kombinatsiyalangan fizioterapiya va Lazer terapiyasi apparatlari) xarid qilish bo‘yicha o‘tkazilgan tender savdosida buyurtmachi tomonidan belgilangan davlat xaridi shartlarida ishtirokchilarning takliflarini baholash mezonlari, ularning nisbiy qiymati, baholash tartib-taomillari doirasida baholash mezonlarini qo‘llash tartibi buzilganligi oqibatida savdolar o‘tkazishning qonunchilikda belgilangan tartibini buzganligi aniqlangan va ushbu qonun buzilish holatlariga kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qo‘mitaning qaror ko‘rsatmasi berilgan.
- Buyurtmachi Andijon viloyati yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi tomonidan boshlang‘ich qiymati 8,5 mlrd so‘mga Baliqchi tumani “Do‘stlik” MFYdagi 9-sonli ixtisoslashtirilgan maktab internat binosini mukammal taʼmirlash bo‘yicha 2021-yilda o‘tkazilgan tenderda (13570-lot raqam), buyurtmachi va xarid komissiya tomonidan g‘olib talabgordan yuqori ball olgan 3 ta talabgorlarni asossiz tenderdan chetlatib yuborilganligi aniqlanganligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasiga maʼlumot kiritilgan.
- “O‘zshaxarsozlik liti” DUK tomonidan boshlang‘ich qiymati 151,8 mln so‘mga “O‘zshaxarsozlik liti” DUKning Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, A.Navoiy ko‘chasi, 18-uyda joylashgan maʼmuriy binosini alyuminiy va plastik vitrajlarini joriy taʼmirlash bo‘yicha 2023-yilning mart oyida o‘tkazgan eng yaxshi takliflarni tanlash (lot raqami 232577) savdolari jarayonida ishtirokchilarga nisbatan oshirib yuborilgan talablar qo‘llanilganligi aniqlangan, yani Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan shaffof tender elektron tizimi uchun ishlab chiqilgan biroq xarid.uzex.uz tizimida qo‘llanilmaydigan reyting tizimidan foydalanish oqibatida raqobatni cheklash alomatlari aniqlanib, aniqlangan holat yuzasidan o‘tkazilgan tanlov savdosi qarorini va shartnomani haqiqiy emas deb topish choralarini ko‘rish bo‘yicha qo‘mitaning Qaror va ko‘rsatmalari qabul qilingan.
- “Aloqabank” AT tomonidan boshlang‘ich qiymati 1,2 mlrd so‘mga bankga tegishli asosiy vositalarni sug‘urtalash va baholash bo‘yicha o‘tkazilgan 2 ta tanlov savdolarida buyurtmachi va ishtirokchi o‘rtasida oldindan kelishib olganlik alomatlari aniqlangan. Ushbu holat yuzasidan qo‘mitaning qonun buzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan tegishli Qaror va ko‘rsatmalari qabul qilingan.
- “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan boshlang‘ich qiymati 3,7 mlrd so‘mga “Xodimlarning nafaqasini baholash bo‘yicha xizmatlar (aktuar xizmatlari)” xaridi jarayonida buyurtmachi tomonidan ayrim ishtirokchilarga tanlovda qatnashish uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratib berganligi aniqlangan. Tanlov natijasida qabul qilingan qaror va shartnomani haqiqiy emas deb topish choralarini ko‘rish yuzasidan Qo‘mitaning qaror va ko‘rsatmasi qabul qilingan.
Aniqlangan 10 973 ta holat yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlariga va 61 ta holat yuzasidan Hisob palatasiga maʼlumotnomalar taqdim etilgan, 151 ta holat buyurtmachilar tomonidan ixtiyoriy bartaraf etilgan, 766 ta holat yuzasidan hududiy boshqarmalar tomonidan 267 ta ish qo‘zg‘atilib, 212 ta mansabdor shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortilgan, 875 ta holat Qo‘mita tomonidan ko‘rib chiqish jarayonida.