Raqobat qo‘mitasi respublikamiz miqyosida ichimlik suviga oid qonunbuzilishi holatlari o‘z vaqtida aniqlab, iste’molchilar huquqlarini himoya qilib kelmoqda.
Jumladan,
Andijon viloyati misolida
Andijon shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro Z.Amanbayevaga “Andijon suv ta’minoti” AJ tomonidan asossiz hisoblangan 1 mln 200 ming so‘m miqdoridagi qarzdorlik hududiy boshqarma tomonidan bartaraf etildi.
Buxoro viloyati misolida
Buxoro shahrida faoliyat olib borayotgan Buxoro davlat pedagogika instituti murojaatiga asosan, tartibda “Buxoro suv ta’minoti” MCHJ tomonidan institut foydalanilmagan ichimlik suvi uchun ortiqcha 133 mln so‘mga yaqin mablag‘ hisoblagan. Shu munosabat bilan, hududiy boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan ortiqcha hisoblangan mablag‘ni qayta hisob kitob qilish bo‘yicha bajarilish majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
Jizzax viloyati misolida
Sh.Rashidov tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro T.R foydalanilmagan ichimlik suvi uchun 207 ming so‘m miqdorida “Jizzax viloyat suv ta’minoti” AJ tomonidan asossiz hisoblangan qarzdorlikdan norozi bo‘lib qilgan murojaati hududiy boshqarma tomonidan iste’molchi foydasiga ijobiy etildi.
Jizzax shahrida yashovchi fuqaro Q.D ning Suv ta’minoti korxonasi tomonidan asossiz hisoblangan 147 ming so‘mga yaqin qarzdorlikdan norozi bo‘lib qilgan murojaati hududiy boshqarma tomonidan fuqaro foydasiga ijobiy hal etilgan.
Namangan viloyati misolida
Davlatobod tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro B.Z ichimlik suvi uchun “Namangan suv ta’minoti” AJ tomonidan hisoblangan 700 ming so‘m miqdorida qarzdorlik hududiy boshqarma tomonidan iste’molchiga qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.
Sirdaryo viloyati misolida
Sirdaryo viloyatining bir qator tumanlarida “Sirdaryo suv ta’minoti” AJ tomonidan iste’molchilarga yetkazib berilayotgan ichimlik suvi sifatining iste’molga yaroqliligi yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi.
Olib borilgan o‘rganishlar davomida, ichimlik suvidan olingan namunalarni tekshirish natijasida quyidagi tumanlarda sifatsiz ichimlik suvi iste’molchilarga yetkazib berilgani ma’lum bo‘lgan.
Guliston tumanidagi 2 ta MFYda joylashgan 154 ta xonadonda yashovchi 734 ta iste’molchiga bir oylik jami to‘lov 3 977 971 so‘mlik;
Mirzaobod tumanidagi 2 ta MFYda joylashgan 165 ta xonadonda yashovchi 537 ta iste’molchiga bir oylik jami to‘lov 9 646 540 so‘mlik;
Xovos tumanidagi 2 ta MFYda joylashgan 103 ta xonadonda yashovchi 490 ta iste’molchiga bir oylik jami to‘lov 4 148 977 so‘mlik.
Yuqoridagilarga muvofiq, hududiy boshqarma “Sirdaryo suv ta’minoti” AJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, Guliston, Mirzaobod va Xovos tumanlaridagi 6 ta MFYda joylashgan 422 ta xonadonda yashovchi 1 761 nafar iste’molchilarga 18 mln so‘mga yaqin bo‘lgan mablag‘larni qaytarish to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berilib, qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.
Navoiy viloyati misolida
Xatirchi tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro V.Xga “Navoiy suv ta’minoti” AJ tomonidan foydalanilmagan ichimlik suvi uchun hisoblangan 1 mln 700 ming so‘m miqdorida qarzdorlikdan norozi bo‘lib qilgan murojaati Hududiy boshqarma tomonidan iste’molchi foydasiga ijobiy hal etildi.
Toshkent viloyati misolida
Chirchiq shaharidagi “Inson” ijtimoiy xizmatlari markaziga “Toshkent viloyat suv ta’minoti” AJ tomonidan suv hisoblagich hisob raqamlarini noto‘g‘ri kiritilishi oqibatida jami 1,1 mlrd so‘mga yaqin asossiz hisoblangan qarzdorlik va jarimadan norozi bo‘lib qilgan murojaati hududiy boshqarma tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, mazkur mablag‘larni qayta hisob-kitob qilish yuzasidan ko‘rsatma berildi.
Toshkent shahri misolida
Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro X.K.Ishmuxamedovning “Toshkent shahar suv ta’minoti” AJ tomonidan tomonidan asossiz ravishda 31 ming so‘m miqdorida qarzdorlik hisoblanganligi yuzasidan qilgan murojaati hududiy boshqarma tomonidan mazkur mablag‘larni qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.
Farg‘ona viloyati misolida
Qo‘qon shahrida yashovchi fuqaro M.Xomidov foydalanilmagan ichimlik suvi uchun hisoblangan 3 mln 269 ming so‘mlik miqdorida asossiz qarzdorlik Hududiy boshqarma tomonidan iste’molchi foydasiga qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Qo‘mita tomonidan “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuning 21-moddasi talablariga rioya qilinmaganligi yuzasidan xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ko‘rsatma berildi.