Raqobat qo‘mitasi tomonidan ichimlik suvi ta’minoti sohasidagi holat yuzasidan o‘rganishlar natijalari
Raqobat qo‘mitasining hududiy boshqarmalari hamda tegishli hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Farg‘ona, Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlarida ichimlik suvi ta’minoti sifatining sanitar me’yorlarga muvofiqligi hamda iste’molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar bo‘yicha kompleks o‘rganishlar amalga oshirildi.
Olib borilgan o‘rganishlar davomida ayrim hududlarda iste’molchilarga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun ortiqcha mablag‘ hisoblangani, ya’ni qo‘shimcha noreal qarzdorliklar yuzaga kelgani aniqlandi. Quyida ushbu holatlar bo‘yicha aniq misollar keltiriladi.
🔘Farg‘ona viloyati
Farg‘ona viloyatining Toshloq va Beshariq tumanlarida iste’molchilarga 14,3 m³ ichimlik suvi yetkazib berilganligiga qaramay, ularga 40 mln so‘mga yaqin ortiqcha haq hisoblangani ma’lum bo‘ldi. Hududiy boshqarma ko‘rsatmasiga asosan “Farg‘ona suv ta’minoti” AJ tomonidan mazkur mablag‘ iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi.
🔘Sirdaryo viloyati
Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi “Sarmich” va “Jo‘langan” mahalla fuqarolar yig‘inlarida yashovchi 134 ta xonadonga nisbatan 310 mln so‘mdan ortiq noreal qarzdorlik hisoblangani aniqlandi. Hududiy boshqarmaning aralashuvi natijasida “Sirdaryo suv ta’minoti” AJning Boyovut tumani bo‘limi mazkur asossiz qarzdorliklarni hisoblash dasturidan chiqarib tashladi va iste’molchilarning buzilgan huquqlari to‘liq tiklandi.
🔘Qashqadaryo viloyati
Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanidagi Qamashi, Yuksalish va Tinchlik mahallalarida yashovchi 1 275 ta xo‘jalik (6 059 nafar aholi) sanitar talablarga javob bermaydigan, sifati past ichimlik suvi bilan ta’minlanayotgani natijasida 26 mln so‘mga yaqin asossiz daromad olingan. Hududiy boshqarma tomonidan ko‘rilgan choralar asosida ushbu mablag‘ iste’molchilar foydasiga qayta hisob kitob qilishi ta’minlandi.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan bunday holatlarni bartaraf etish, ularning kelgusida takrorlanishini oldini olish hamda iste’molchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini to‘laqonli himoya qilishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar izchil va muttasil ravishda amalga oshirib boriladi.








