Raqobat qo‘mitasi tomonidan fuqarolardan transport, savdo va kommunal xizmatlar borasida tushayotgan murojaatlar o‘rganilib, iste’molchilarning huquqlari himoya qilinmoqda.
Hududlar kesimida misollar
🔘Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Nukus shahrida istiqomat qiluvchi A.T. “NUKUS-AVTOSAVDO” MChJ bilan CHEVROLET COBALT avtomobilini xarid qilish bo‘yicha onlayn shartnoma imzolab, 78 mln so‘m to‘lagan. Keyinchalik shartnomani bekor qilganiga qaramasdan, to‘langan mablag‘ 15 kun ichida qaytarilmaganligi sababli fuqaro Qo‘mitaga murojaat qilgan.
Qo‘mita tomonidan amalga oshirilgan o‘rganishlar natijasida, shartnoma bekor qilinib iste’molchiga mablag‘ to‘liq qaytarib berilishi ta’minlandi.
🔘Jizzax viloyati
Fuqaro Sh.D. “EUROAZIYA MOTORS” MChJdan muddatli to‘lov asosida “Onix” avtomobilini xarid qilgan. Avtomobil ikki marta, jumladan 5 000 km va keyinchalik 4 000 km dan so‘ng uzatmalar qutisida nosozlik kuzatilib, kafolat doirasida ta’mirlangan. Kelgusida ham nosozliklar takrorlanishi mumkinligini hisobga olib, fuqaro avtomobilni yangisiga almashtirishni so‘ragan, biroq jamiyat tomonidan rad javobi berilgan. Shu sababli fuqaro avtomobilni almashtirish yoki 120 mln so‘mdan ortiq to‘langan mablag‘ni qaytarish yuzasidan hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida “UzAuto Motors” AJ tomonidan nuqsonli avtomobil uchun to‘langan pul mablag‘lari fuqaroga to‘liq qaytarib berilishi ta’minlandi.
🔘Navoiy viloyati
Fuqaro A.G. “NAVOIY AUTO MOTORS” MChJdan CHEVROLET COBALT avtomashinasini xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzolab, 78,05 mln so‘m to‘lagan. Keyinchalik oilaviy sharoiti sababli shartnomani bekor qilish va mablag‘ni qaytarishni so‘ragan, biroq masala hal etilmagani sababli fuqaro Raqobat qo‘mitasining hududiy boshqarmasiga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida “UzAuto Motors” AJ tomonidan avtomobil uchun to‘langan pul mablag‘lari fuqaroga to‘liq qaytarib berilishi ta’minlandi.
🔘Qashqadaryo viloyati
Fuqaro B.N. 3,5 mln so‘mga “Loretto” muzlatkichini xarid qilgan, biroq qisqa vaqt ichida u nosoz holatga kelgan. Tovarni almashtirish maqsadida do‘kon rahbariyatiga bir necha bor murojaat qilganiga qaramasdan, masala hal etilmagan. Shundan so‘ng fuqaro hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot tomonidan nuqsonli tovar uchun to‘langan pul mablag‘lari fuqaroga to‘liq qaytarib berilishi ta’minlandi.
🔘Surxondaryo viloyati
Fuqaro “Parvoz savdo markazi”dan bo‘lib to‘lash asosida muzlatkich xarid qilib, oyiga 430 ming so‘m to‘lab borishi belgilangan. Biroq 2 oy to‘lov amalga oshirilmagani sababli do‘kon tomonidan muzlatkich olib ketilgan. Fuqaro mahsulotning tan narxi 8,5 mln so‘m deb belgilanganidan norozi bo‘lib, hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot tomonidan to‘langan pul mablag‘lari fuqaroga to‘liq qaytarib berilishi ta’minlandi.
🔘Toshkent viloyati
Fuqaro “IDEA” savdo do‘konida aksiya doirasida televizor, muzlatkich va kir yuvish mashinasini 14 mln 128 ming so‘mga xarid qilgan. Keyinchalik mahsulotlar narxi ancha arzon ekanini bilib, shartnomani bekor qilishni so‘ragan, biroq murojaati qanoatlantirilmagan. Shu sababli fuqaro hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot tomonidan to‘langan pul mablag‘lari fuqaroga to‘liq qaytarib berilishi ta’minlandi.
🔘Xorazm viloyati
Fuqaro Urganch shahrida gaz xizmati tomonidan asossiz hisoblangan 22 mln so‘mdan ortiq qarzdorlik va dalolatnomadan norozi bo‘lib, uni bekor qilish yuzasidan hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, “Hududgaz ta’minot” AJ va uning “Hududgaz Xorazm” gaz ta’minoti filiali tomonidan fuqaroga nisbatan dalolatnomani bekor va qayta hisob-kitob qilish yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.








