Raqobat qo‘mitasi tomonidan fuqarolardan savdo, uy-joy va chiqindi tashish xizmatlar borasida tushayotgan murojaatlar o‘rganilib, iste’molchilarning huquqlari himoya qilinmoqda.
Hududlar kesimida misollar
Andijon viloyati
Fuqaro D.M. “UZUM MARKET” onlayn platformasi orqali mahsulot buyurtma bergan, ammo buyurtma qilingan mahsulot o‘z vaqtida yetkazib berilmagan. Shu sababli u ushbu holat yuzasidan hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida fuqaroga buyurtma qilgan mahsulot yetkazib berilishi ta’minlandi.
Farg‘ona viloyati
Fuqaro “Siberia Airlines” (S7 Airlines) orqali Rossiya Federatsiyasining Chita shahriga 3 600 000 so‘mga aviachipta xarid qilgan. Biroq parvoz kuni uning Rossiya hududiga kirishiga nisbatan taqiq mavjudligi aniqlanib, u parvozdan foydalana olmagan. Shu sababli u aviachipta uchun to‘langan mablag‘ni qaytarish masalasida hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida fuqaroga foydalanilmagan aviachipta uchun to‘langan miqdoridagi mablag‘ to‘liq qaytarib berilishi ta’minlandi.
Jizzax viloyati
Fuqaro YU.F. Technoshop do‘konlar tarmog‘idan o‘rtacha qiymati 1100 000 so‘m bo‘lgan changyutgichni muddatli to‘lov asosida 3 168 000 ming so‘mga xarid qilish uchun shartnoma imzolagan. Biroq mahsulot yetkazib berilmasdan, Uzum Nasiya dagi limit hisobidan mablag‘ yechib olinganidan norozi bo‘lib, shartnomani bekor qilish masalasida hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot va fuqaro o‘rtasidagi shartnoma bekor qilinib, iste’molchi foydasiga ijobiy hal etildi.
Namangan viloyati
Fuqaro X.O ning chiqindi tashish xizmatini ko‘rsatuvchi “ORIF NURLI KELAJAK” MChJ tomonidan ko‘rsatilmagan xizmati uchun qarzdorlik hisoblanganligidan norozi bo‘lib, amalga oshirgan to‘lovlarini qaytarib olinishi yuzasidan hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, xizmat ko‘rsatuvchi korxona tomonidan murojaatchiga asossiz hisoblangan 540 400 so‘m qarzdorligi qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Fuqaro N.A. “NUKUS ALLIANCE SMR” MChJ bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra uy-joy 2025-yil 6-avgustda topshirilishi kerakligini, davlat tomonidan 25 foiz to‘lov amalga oshirilganini bildirgan. Biroq uy to‘liq bitmagani va korxona tomonidan 25 000 000 so‘m pul berishini bildirayotganligini va shartnoma shartlarini buzayotganligidan norozi bo‘lib qo‘mitaga murojaat qilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Qo‘mita tomonidan “NUKUS ALLIANCE SMR” MChJga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, fuqaro bilan tuzilgan shartnoma asosida 42 076 000 so‘m miqdorida penya to‘lash to‘g‘risida qaror qabul qilindi hamda kelgusida bunday qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi.








