Raqobat qo‘mitasi tomonidan fuqarolardan savdo, ta’lim, chiqindilarni tashib ketish va moliyaviy xizmatlar borasida tushayotgan murojaatlar o‘rganilib, iste’molchilarning huquqlari himoya qilinmoqda.
Hududlar kesimida misollar
🔘Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobat qo‘mitasiga Nukus shahrida istiqomat qiluvchi Q.U.ning yo‘llagan murojaati kelib tushdi.
Fuqaro murojaatida “Mir mobile” do‘konidan xarid qilgan Samsung A26 markali qo‘l telefoni yaroqsizligi sababli yangisiga almashtirishda yoki avvaldan to‘langan pulini qaytarib olishda amaliy yordam berishni so‘ragan.
Mazkur muammo yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilishi natijasida, “Mir mobile” do‘koni tomonidan qo‘l telefoni qaytarib olinib, fuqaro xohishiga ko‘ra, 1 mln 200 ming so‘m mablag‘i qaytarilishi ta’minlandi.
🔘Qashqadaryo viloyati Hududiy boshqarmaga Yakkabog‘ tumanida yashovchi fuqaro E.T. tumandagi avtomaktab faoliyatidan norozi bo‘lib murojaat yo‘lladi.
Murojaatda fuqaro avtomaktabda o‘qish uchun 2 mln 200 ming so‘m to‘lov qilgan, ammo ayrim sabablarga ko‘ra o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok eta olmagani sababli to‘lagan mablag‘ini qaytarib ololmayotganini bildirgan.
O‘rganish ishlari natijasida fuqaroga o‘qish uchun to‘langan 2 mln 200 ming so‘m mablag‘ to‘liq qaytarilishi ta’minlandi.
🔘Navoiy viloyati Hududiy boshqarmaga Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro Sh.H. “AVTOSALON NAVOIY AVTOTEXXIZMAT” MCHJdan ONIX rusumli xarid qilgan avtotransport vositasi qisqa vaqtda motor qismi nuqsonli ekanligi ma’lum bo‘lgani yuzasidan murojaat yuborgan.
O‘rganishlar natijasida fuqaro Sh.H.ning avtosalonga topshirgan nosoz avtomashinasi o‘rniga xuddi shu markadagi sifatli avtotransport vositasi almashtirib berilishi ta’minlandi.
🔘Namangan viloyati Hududiy boshqarmaga Pop tumanida yashovchi fuqaro “Namangan Musaffo iqlim” MCHJ tomonidan chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari uchun amalga oshirgan to‘lovlari maxsus tizimga o‘z vaqtida kirim qilinmagani sababli asossiz qarzdorlik hisoblanganidan norozi bo‘lib qilgan murojaati o‘rganib chiqildi.
O‘rganishlar davomida fuqaro tomonidan amalga oshirilgan to‘lovlar qayta hisob-kitob qilindi va asossiz hisoblangan 493 ming so‘m qarzdorlik fuqaro foydasiga hal etilishi ta’minlandi.
🔘Jizzax viloyati Hududiy boshqarmaga Paxtakor tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Yo.B. “Uzum nasiya” elektron platformasida yuzaga kelgan noqulayliklardan norozi bo‘lib murojaat qildi.
Murojaatda fuqaro changyutgich xarid qilish uchun “Uzum nasiya” elektron platformasi bilan tuzgan kredit shartnomasiga asosan hamkor do‘kon tomonidan yetkazib berilgan buyurtma sifatsiz bo‘lib chiqqani yuzasidan murojaat qilgan.
Natijada ushbu 1 mln 200 ming so‘mlik shartnoma bekor qilindi va murojaat iste’molchi foydasiga ijobiy hal etildi.
🔘Farg‘ona viloyati Hududiy boshqarma Quva tumanida yashovchi fuqaro T.T. tomonidan tushgan murojaatni o‘rganib chiqqanida “Farg‘ona avto savdo” MCHJ dilerlik markazidan shartnoma asosida 93 mln so‘mga yaqin pul evaziga sotib olgan “Damas” avtomobilida texnik shikastlanish aniqlangani bo‘yicha murojaatni o‘rganib chiqdi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, fuqaroning talablari asosli deb topilib, dilerlik markazi tomonidan unga yangi avtomobil yetkazib berilishi ta’minlandi.
🔘Buxoro viloyati Hududiy boshqarma fuqaro T.M. murojaatini o‘rganib chiqqanida bankdan 28 mln so‘mdan ortiq mikroqarz rasmiylashtirilgani, ushbu mikroqarz muddatidan oldin to‘liq qoplab berilgan bo‘lsa-da, “Imkon sug‘urta” AJ tomonidan foydalanilmagan sug‘urta mukofotini qaytarilmayotganidan norozi bo‘lib, ushbu masalada amaliy yordam so‘ralgan.
Natijada mazkur jamiyat tomonidan sug‘urta mukofotini fuqaroga qaytarilishi ta’minlandi.
🔘Andijon viloyati Hududiy boshqarmaga Qo‘rg‘ontepa tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro M.Sh. tomonidan yo‘llangan shikoyat arizasi kelib tushdi. Murojaatda iste’molchi tomonidan onlayn shaklda ayollar kiyimi xarid qilib, oldindan 240 mln so‘m miqdorida to‘lovni amalga oshirgan bo‘lsa-da, mahsulot iste’molchiga o‘z vaqtida yetib kelmayotgani yuzasidan shikoyat qilgan.
Mazkur murojaat o‘rganilishi natijasida onlayn do‘kon tomonidan iste’molchiga 240 mln so‘m miqdoridagi to‘langan pul mablag‘i qaytarilishi ta’minlandi.








