Raqobat qo‘mitasi tomonidan 5 ta qurilish kompaniyasiga 6,7 mlrd so‘mlik pul mablag‘larini iste’molchilarga qaytarishi yuzasidan tegishli ta’sir choralari qo‘llanildi
Raqobat qo‘mitasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasiga fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarda, xonadon xarid qilish bo‘yicha tuzilgan shartnoma talablariga muvofiq o‘z vaqtida to‘lovlarni amalga oshirgan bo‘lishlariga qaramasdan, ayrim tadbirkorlik subyektlari (quruvchi tashkilotlar) tomonidan belgilangan muddatlarda xonadonlarni topshirish majburiyatlari bajarilmayotgani ta’kidlanmoqda.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni 19-moddasiga muvofiq, ijrochi tomonidan shartnomada yoki belgilangan qoidalarda ko‘rsatilgan muddat, hajm va sifat talablariga qat’iy rioya etilgan holda ishlarni bajarishi yoki xizmatlarni ko‘rsatishi shartdir.
Shu munosabat bilan, Hududiy boshqarma tomonidan iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish maqsadida qurilish sohasidagi qonunbuzilish holatlari bo‘yicha sud organlariga jami 32 nafar iste’molchi manfaatida 11 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni undirish haqida da’vo arizalari kiritildi.
Olib borilgan ishlar natijasida “GLAMUR GOLD”, “TRANSPORT FREE GROUP”, “LUCKY TECHNICAL”, “BROCCOLI PLUS”, “NUR” MCHJlarga nisbatan 16 nafar iste’molchi foydasiga jami 6,7 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘ni qaytarish to‘g‘risida sud tomonidan hal qiluv qarorlari qabul qilindi.
Ayni paytda qolgan iste’molchilarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan sud ishlari belgilangan tartibda davom ettirilmoqda.








