Joriy yilning 14-15-mart kunlari Toshkent shahrida Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (OECD) Raqobat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Antonio Kapobianko boshchiligidagi delegatsiya vakillari tomonidan “Kartel kelishuvlarga hamda davlat xaridlarini amalga oshirishda til biriktirish holatlariga qarshi samarali kurashish” mavzusida Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi tizimi xodimlarining sohaga oid ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan ikki kunlik o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.
Ikki kunlik o‘quv-seminarda Antonio Kapobianko va OECDning siyosiy tahlilchisi Celeste Laporte-Talamon tomonidan Raqobat qo‘mitasi xodimlariga kartel kelishuvlarga qarshi kurashish va davlat xaridlarida til biriktirish holatlarini aniqlash va unda raqobat qonunchiligini qo‘llash va targ‘ib qilish mavzusida taqdimotlar qilindi.
Shuningdek, seminar ishtirokchilari davlat xaridlarida til biriktirish holatlariga oid OECD hisoboti va uning xulosalari yuzasidan tayyorlangan taqdimot bilan tanishishdi. Shu bilan birga, Italiya va Ispaniya Raqobat organi vakillari Renato Ferrandi hamda Maria Pilar Canedo tomonidan kartel kelishuvlarga qarshi kurashish va davlat xaridlarida til biriktirish holatlarini aniqlash, unda samarali tekshirishning asosiy elementlari, xususan, rejalashtirish, dalillar to‘plash, o‘rganib chiqish va jarimalar to‘g‘risida taqdimotlar o‘tkazildi.
O‘z navbatida, Yevropa Ittifoqi Adliya sudining mas’ul xodimi Alfredos Teodorakopoulos davlat xaridlarida aniqlangan til biriktirish holatlari yuzasidan sud hukmlari va kartel kelishuvlarga qarshi kurashishda huquqiy qiyinchiliklar mavzularida ilg‘or xorijiy tajribalar bilan o‘rtoqlashdi.
Seminar qatnashchilari OECDning davlat xaridlarida til biriktirish holatlariga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘llanmasi bilan yaqindan tanishib, amaliy vaziyatlarga bag‘ishlangan (keys) mashg‘ulotlarda faol ishtirok etishdi.
Tadbir doirasida 2022 yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik vakillariga matbuot anjumani davomida ma’lumot berib o’tildi.
Ikki kunlik o‘quv-seminar yakunida ishtirokichlarga maxsus sertifikatlar topshirildi.