#Farg‘ona_ishchi_guruh
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentyabrdagi PF–173-sonli “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari F.Karabayev boshchiligida Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish ishlari davomida tumanda tashkil etilgan shtab faoliyati, ish jarayonlari va mas’ul xodimlarning tayyorgarlik darajasi muhokama qilinib, Qanjirg‘a va Xotinqumi MFYlaridagi aholi va mahalliy mas’ullar bilan muloqot o‘tkazilib, ro‘yxatga olish ishlariga tayyorgarlik holati o‘rganildi.
MFY yettiligi tomonidan jarayonda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan savol va muammolar bo‘yicha fikrlar bildirildi. Ularga tegishli tushuntirishlar berilib, muammolarni joyida hal etish, mas’ul tashkilotlar o‘rtasida samarali hamkorlikni ta’minlash bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Yakunda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish ishlarini sifatli tashkil etish, jamoatchilikni xabardor qilish hamda barcha bosqichlarda ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.








