Ijtimoiy tarmoqlarda “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i – “Anglesey Food” MChJ XK faoliyat boshlaganiga 29-yil to‘lgani munosabati bilan mijozlarga sovg‘alar tayyorlagani, unga ko‘ra “CUBES” muzlatgichlarini bor-yo‘g‘i 27 ming so‘m evaziga xarid qilish mumkinligi haqida reklama axborotlari joylashtirilgan.
“Coca-Cola Ichimligi Oʻzbekiston Ltd” MChJ XKning reklamasida ham brendlangan mini-muzlatgich va 24 dona ichimlikni atigi 30 ming so‘mga xarid qilish mumkinligi haqida e’lon berilgan.
Aksiya shartida sovg‘alarni qo‘lga kiritish uchun ishtirokchilar maxsus havoladan yoki qisqa so‘rovnomadan o‘tishlari tavsiya qilingan.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i hamda “Coca-Cola Ichimligi Oʻzbekiston Ltd” MChJ XKning rasmiy veb-saytlari o‘rganilganda mazkur aksiyalar haqida hech qanday ma’lumotlar berilmagani hamda bu kabi aksiyalar o‘tkazilmayotgani ma’lum bo‘ldi.
Tahlillarga ko‘ra, ushbu aksiyalar ishtirokchilari uchun taqdim etilgan “sovg‘alar”ni olish tartibi mashhur brendlar nomidan amalga oshiriladigan fishing sxemasiga to‘liq mos kelishi aniqlandi.
Yodda tuting!
Raqobat qo‘mitasi fuqarolarga firibgarlik sxemalariga aldanib qolmaslik uchun noma’lum havolalarga kirmaslik va shaxsiy ma’lumotlarni notanish shaxslarga bermaslik hamda o‘tkazilayotgan aksiya haqidagi axborotlarni rasmiy manbalardan haqiqatga mosligini tekshirib olishi kerakligini tavsiya qiladi.
Ma’lumot o‘rnida. Fishing sxema — bu internetda fuqarolardan shaxsiy yoki moliyaviy ma’lumotlarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritish usulidir.